AVTOMAT QUROL
AVTOMAT QUROL — o’q otish quroli. U o’q (snaryad) otilganda hosil bo’lgan porox gazining quvvati bilan o’z-o’zidan o’qlanib otilgani uchun shunday ataladi. U uzluksiz va yakka o’q otish imkonini beradi. Faqat qayta o’qlanishi avtomatlashgan qurol yarim Avtomat qurol deb ataladi. Avtomat qurol 19-asr 2-yarmida paydo bo’ldi. Quyidagi turlarga bo’linadi: 1) Avtomat pistoletlar — yaqin masofa (50 metr) ga o’q otadigan qurollar; 2) pistolet-pulemyotlar — 300 metrgacha masofadagi nishonga zarba beruvchi qurollar. 3) o’zi o’qlanuvchi va o’zi otiluvchi avtomat miltiqlar — 600 metrga qadar masofadagi nishonga bittalab otish uchun mo’ljallangan. O’q bittalab otilganda minutiga 25-30 o’q otish mumkin; 4) qo’l pulemyotlari — 800 metr masofadagi nishonga otishga mo’ljallangan qurollar. Bittalab minutiga 120 donaga qadar o’q otish mumkin; 5) stanokli pulemyotlar -1000 metr va undan uzoq, (2-2,5 km) masofadagi nishonga zarba berish uchun ishlatiladigan kuchli qurollar. Minutiga 250 ga qadar o’qotadi. Stanokli pulemyotlar pastroq uchuvchi dushman samolyotlariga ham zarba bera oladi: 6) yirik kalibrli pulemyot (odatda, kalibri 12,7—15 millimetr) — tank va samolyotlarga o’rnatiladigan qurol, havodagi nishonlarga zarba berish, yengil zirh bilan qoplangan nishonlarga qarshi kurashish uchun mo’ljallangan qurol; 7) avtomat to’p (kalibri 20 millimetr va undan katta) — asosan havodagi nishonlarga zarba berish uchun tank va samolyotlarga o’rnatiladigan qurol.