AGROTEXNOLOGIYA
AGROTEXNOLOGIYA — dehqonchilik texnologiyasi, qishloq xo’jalik ekinlarini yetishtirish usullari tizimi. Agrotexnologiyaning nazariy asosi — Agronomiya. Agrotexnologiya quyidagi tadbirlarni o’z ichiga oladi: almashlab ekish, tuproqqa ishlov berish, o’g’itlar solish; urug’likni ekishga tayyorlash, ekish, ekinlarni parvarishlash, begona o’tlar, kasalliklar va hasharotlarga qarshi kurash, hosilni yig’ib olish. Yerni haydash, tekislash, boronalash va ekishga tayyorlashning boshqa usullari, o’g’itlash, sug’orish, urug’ni ekishga tayyorlash (saralash, dorilash, ivitish va boshqalar), ekish va hosil yig’ib-terib olinguncha o’simlikni parvarish qilish ishlari Agrotexnologiya usullariga kiradi. Agrotexnologiyaga almashlab ekishni joriy qilish, o’simlik qoldiqlarini daladan yig’ishtirib olish, kuzgi shudgorlash, yaxob berish, sifatli urug’lik tanlash, ekish sxemalarini to’g’ri qo’llash, normal ko’chat qalinligiga erishish, o’g’itlardan to’g’ri foydalanish; ekinni qat’iy tartib bo’yicha sug’orish, o’simlikning ildizini zararlantirmaslik, ekinzorlarni begona o’tlardan toza tutish, zararkunanda va kasalliklarga chidamli navlarni ekish va hokazolar ham kiradi. Bunga har bir mintaqaning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga fan yutuqlari va ilg’or tajribaning yangi, yanada samarali usullarini joriy qilish yo’li bilan erishiladi. Agrotexnologiya jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlari rivoji bilan uzviy bog’langan. Ibtidoiy jamoa va undan keyingi davrlarda Agrotexnologiya sodda qurollar hamda qo’l kuchiga asoslangan edi. Yerlar omoch, mola kabi qurollar yordamida ishlanardi. Agrotexnologiyaning takomillashgan usullari jahonda 18 asr oxiri — 19-asr boshlarida shakllandi, natijada qishloq xo’jalik o’simliklari mashinalardan foydalanish, tabiatshunoslik va Agronomiya fanlarining ko’rsatma va tavsiyalari asosida yetishtiriladigan bo’ldi. Ayniqsa, 19-asrda mashinasozlik sanoatining rivojlanishi murakkab qishloq xo’jalik texnikasini dehqonchilikda qo’llash imkoniyatini tug’dirdi. 20-asrda esa qishloq xo’jalik uchun traktor, kombayn, kultivator, o’g’itlagichlar va boshqa mexanizmlar ko’plab ishlab chiqariladigan bo’ldi, mineral o’g’itlardan foydalanish ko’paydi. Bularning hammasi va Agronomiya fanining rivojlanishi Agrotexnologiyaning takomillashuviga qulay sharoit tug’dirdi. Hozirgi zamon Axi ekologik sharoitlar, qishloq xo’jalik texnikasining ishlash qoidalarini o’rganuvchi tabiiy hamda texnika fanlari yutuqlariga asoslanadi. Agrotexnologiyani to’g’ri qo’llashning zaruriy sharti uning kompleksligi va tuproq-iqlim sharoitlari, ekinning biologik xususiyati, navlari va ularning qaysi maqsadlarda ishlatilishiga e’tibor berishdir. O’simlik hayot omillarining muddatlari, almashtirib bo’lmasligi hamda teng ahamiyatdorligi va boshqa qonunlar Agrotexnologiya usullarini birgalikda qo’llashning ilmiy asosi hisoblanadi. Masalan, o’g’it solishda belgilangan muddat va miqdorni o’zgartirish (ayniqsa sug’oriladigan sharoitda) yoki vegetasiya davriga qarab o’simlikka beriladigan azotni fosfor bilan almashtirish mumkin emas. Ekinlardan yuqori hosil olish uchun ularni muayyan nisbatlarda barcha zaruriy hayot omillari (yorug’lik, issiqlik, havo, namlik, oziq moddalar) bilan ta’minlash zarur. Agrotexnologiya tadbirlari har bir mintaqa, zona, xo’jalikning tuproq-iqlim sharoitiga hamda ekinlarning turiga qarab ishlab chiqiladi va o’tkaziladi. Masalan, tuprog’i sho’rlangan hududlarda sho’r yuvish asosiy ahamiyatga ega. Shu sababli bunday joylarda ekinlar uchun zararli bo’lgan, ekinning ildiz qismi joylashadigan tuproq qatlamidagi erigan tuzlarni yo’qotadigan Agrotexnologiya usullariga asosiy e’tibor beriladi. Namgarchilik kam bo’ladigan rayonlarda, shuningdek yengil tuproqli yerlarda tuproqda nam to’plashga imkon beradigan Agrotexnologiya usullariga e’tibor qilinadi. Ekinlarni to’g’ri almashlab ekish, haydalma qatlamni chuqurlashtirish, mahalliy va mineral o’g’itlar solish yo’li bilan tuproqni o’simlik uchun zarur oziq moddalar bilan boyitish hamda uning fizik xususiyatlarini yaxshilash Agrotexnologiyaning asosiy maqsadidir. Agrotexnologiya ekinning va navning (nav Agrotexnologiya) o’ziga xosligi hamda ekinning xo’jalik ahamiyatiga ko’ra ham tabaqalashadi. Masalan, makkajo’xori, kungaboqar silos uchun yoki don uchun, zig’ir tola yoki urug’i uchun, piyoz barra yoki bosh piyoz olish uchun ekilganda o’ziga xos Agrotexnologiya qo’llaniladi. Agrotexnologiya tadbirlarini to’g’ri qo’llash qishloq xo’jalik ekinlarining hosildorligini oshirish bilan birgalikda hosil sifatiga ham ijobiy ta’sir etadi. O’zbekistonda ilmiy muassasalar tarmog’i ekinlar Agrotexnologiyasini ishlab chiqadi. Ularning samaradorligi ilmiy tadqiqot institutlari va tajriba stansiyalarida sinovdan o’tganidan keyin xo’jaliklarda joriy etiladi. Abdurahim Ermatov.