FIROQIYA

FIROQIYA (Arabcha — judolik, ayriliq) — Sharq mumtoz adabiyotida lirik she’r turi. Shoirning ayriliq, hijron kayfiyatlarini ifodalaydi. 2 xil bo’ladi: a) yoridan, yaqin kimsasidan ajralish natijasidagi ruhiy azobni, judolikni ifodalovchi asarlar. Bularda lirik qahramonning muayyan muhit yoki boshqa sabablarga ko’ra o’z yaqinidan judo bo’lganligi alam bilan kuylanadi: Ayrilib men yordin bir necha kun bo’ldim judo, Axtarib keldim seni, g’uncha dahonim, qaydasan? (Mashrab); b) qadimda shoir uz vatanidan judo bo’lganida, undan chiqib ketishga majbur qilinganida, boshqa mamlakatlarda yashab, elyurtini sog’inib yozgan asarlari: «adashganman», «ayrilib qoldim» (Furqat). Yod etmas emish kishini g’urbatda kishi, Shod etmas emish kungulni mehnatda kishi. Ko’nglum bu g’ariblikda shod o’lmadi, oh, G’urbatda sevunmas ermish, albatta kishi. (Bobur). Alisher Navoiy, Mashrab va boshqalar ijodida ham Firoqiyaning yetuk namunalari bor.