FLORENTSIYA

FLORENTSIYA — Italiyaning Markaziy qismidagi shahar. Arno daryosi bo’yida. Toskana viloyati va Florentsiya provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 352,2 ming kishi (2001). Mamlakatning muxim sanoat va madaniy markazi. Metallurgiya, mashinasozlik (xususan, og’ir mashinasozlik, elektrotexnika, radioelektronika, fotoapparatlar, astronomiya priborlari ishlab chiqarish) sanoatlari rivojlangan. Kimyo, neftni qayta ishlash, to’qimachilik, ko’npoyabzal, yog’ochsozlik, oynashisha, oziq-ovqat, poligrafiya sanoati korxonalari mavjud. Zargarlik buyumlari ishlab chiqariladi. Hunarmandchilikda badiiy buyumlar tayyorlanadi. Universitet (1321), konservatoriya, badiiy akademiya, Toskana Fanlar va adabiyot akademiyasi, Yevropada eng qadimgi botanika bog’i (1545), astrofizika rasadxonasi, mashhur kartinalar galereyalari (Uffisi, Pitti va boshqalar), etrusskirim, fan tarixi, paleontologiya muzeylari, teatrlar bor. Florentsiya — dunyoga mashhur shaharmuzey. Ulug’vor binolari, asosan, Uyg’onish davrida bunyod etilgan. O’sha davrda qurilgan saroypalassolar, Strossi palassosi, Pitti saroypalassosi, Santamariya del Fore cherkovi, serhasham baptisteriy, Uffisi galereyasi, ko’priklari F.ning eng muhim me’moriy yodgorliklari hisoblanadi. Zamonaviy binolar, asosan, shahar atrofida qurilmoqda. Florentsiya qadimgi etrusski qishlog’i o’rnida rimliklar tomonidan miloddan avvalgi 1-asrda barpo etilgan. 10 —11-asrlarda Toskana markgrafligi tarkibiga kirgan. 11-asrda muhim savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. 13-asrning 2-yarmidan Florentsiya G’arbiy Yevropa bank ishlari markaziga aylandi, 14-asrda shaharda jun sanoati ravnaq topdi. 1865 -71 yillarda Birlashgan Italiya poytaxti. Shahar 1966 yil suv toshqinidan katta talafot ko’rgan. Florentsiyada «Florentsiya mayi» xalqaro musiqa festivali, badiiy ko’rgazmalar o’tkaziladi. Turizm rivojlangan.