FLORENTSIYA MAKTABI
FLORENTSIYA MAKTABI – 13-16-asrlarda Italiyadagi asosiy badiiy maktablardan biri; ilk Uyg’onish davridan boshlab to Renessans madaniyati inqirozigacha bo’lgan davrni o’zida aks ettiradi. Florentsiya maktabi rangtasviri asoschisi Jotto bo’lib, uning ijodi Florentsiyani protorenessans san’atining avangardiga aylantirgan; izdoshlari (Taddeo Gaddi, Mazo Di Banko va boshqalar)ning ijodi ko’ndalang qo’yilgan masalalarni hal qilish jarayonida rivojlandi. Florentsiya maktabida 14-asr 3-choragida baynalmilal gotika g’alaba qozondi (Anolo Gaddi, Lorenso Monako). Insonparvarlik g’oyalari ilk Uyg’onish davri Florentsiya maktabi san’atining goyaviy asosiga aylandi. Me’mor F. Brunelleski, haykaltarosh Donatello, rassom Mazachcho va boshqalar ijodi Florentsiya maktabi shakllanishida muhim rol o’ynadi. Florentsiya maktabi rangtasviri realistik izlanishlarning davomiyligi, san’at va fan amaliyotlari (perspektiva va boshqa masalalar)ning nazariya va amaliyotlari bilan qiziqishi, san’at va amaliyotning o’zaro aloqalari bilan ajralib turadi (Verrokko, P. Uchchello va boshqalar). 15-asr oxirida Florentsiya maktabida demokratik an’analar (D. Girlandayo) saqlangani holda Lorenso Medichi saroyida shakllangan aristokratlar san’ati an’analari hukmronligi ortib bordi (Bottichelli, Fillippino Lippi). Leonardo da Vinchi va Mikelanjelo ijodi Florentsiya maktabi doirasidan chiqib yuksak Uyg’onish davri san’atining cho’qqisiga aylandi. Florentsiya maktabi uslubiy yaxlitligi bu yerda manerizm tarqala boshlashi bilan barham topdi (J. Vazari va boshqalar).