Chor hukumati butun Turkistoni qonga belab, shahar, qishloq va ovullarni vayron etib uni bosib olgandan keyin milliy davlat va qo’shinni yo’q qildi. Mahalliy boshqaruv tizimi qo’porib tashlandi. U mintaqani Turkiston general-gubernatorligi, Buxoro va Xiva xonliklaridan iborat uch qismga parchalab boshqaradi.
O’lkaning eng unumdor va obod yerlari Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kiritildi. Masalan, u Sirdaryo, Farg’ona, Samarqand, Yettisuv va Kaspiy orti viloyatlarini o’z ichiga olgan edi. Toshkent gubernatorlikning poytaxti hisoblandi.
Gubernatorlikning oliy va o’rta bo’g’in lavozimlariga rus generallari va ofitserlari tayinlanib quyi mansablarga mahalliy aholi vakillari qo’yildi. Bular rus ma’muriyatining ko’rsatmalarini so’zsiz ado etuvchi kishilar edi, xolos. Buxoro va Xiva xonliklari sirtdandina mustaqil ko’rinib amalda ularning hukmdorlari rus ma’muriyatining xizmatkorlari bo’lgan. Chor hukumat iqtisodiyot bo’yicha ham mustamlakachilik siyosatini izchillik bilan amalga oshirdi. U mintaqadagi yersuv va tabiiy boyliklarning egasi sifatida ish yuritib, ko’pdan-ko’p mablag’lar hukumat xazinasi va kapitalistlarning cho’ntagiga daryo suvi kabi oqib boraberdi. Ayniqsa paxta ularga katta daromad keltirdi. Garchan paxtachilik rivojlantirilgan bo’lsa-da, lekin undan dehqonlar foyda ko’rmay qashshoqlashdi. Bundan tashqari mustamlakachilar o’lkaga tayyor sanoat mollarini keltirib sotib orqali ham boylik orttirardilar.
Shu tariqa o’lkani Rossiyaning xom-ashyo manbai va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirilgan edi. Bunday holat o’zbek va boshqa tub aholining ma’naviy hayotini ham qashshoqlanishiga olib keldi. Rus ma’muriyati ongli ravishda milliy madaniyat va milliy tilni rivojlanishiga yo’l bermay xalqni o’rta asr qoloqligida saqlashga harakat qildi. Rus tiliga davlat tili maqomi berildi. Ayniqsa, xalq maorifiga mablag’ ajratilmasdan o’z holiga tashlab qo’yilishi yomon oqibatlarga olib keldi. Natijada, xalqning deyarlik hammasi savodsiz bo’lib qoldi. O’lkada mahalliy aholi uchun birorta oliy va o’rta o’quv yoki hunar bilim yurti ochilmadi. Aksincha milliy his-tuyg’u va siyosiy uyg’onishga qarshi choralar ko’rildi. Ta’qib va nazoratlar avjiga chiqib, islom dini burchakka siqib qo’yildi. Xalq ommasi og’ir va xilma-xil soliq va majburiyatlarning ham azobini boshidan kechirdi.
O’lkada ko’plab rus posyolkalarini tashkil etilishi fojiali oqibatlarni yuzaga keltirdi. Xalq unumdor yer-suvlaridan mahrum bo’lib, tirikchilikni o’tkazish juda qiyinlashib ketdi. Birinchi jahon urushi davrida (1914-1918) ahvol yanada yomonlashib qashshoqlik keng quloch yoydi. Umuman aytganda, mustamlakachilik siyosati va milliy zulm, siyosiy va insoniy huquqlarning yo’qligi, adolatsizlik va zo’ravonlik mazlum xalqning ozodlik kurashlariga zamin hozirladi.