XOK XAZINASI

XOK XAZINASI – hozirgi Namangan viloyati Xok qishlog’idan 1894 yilda topilgan metall buyumlar (miloddan avvalgi 2-ming yillikning 1-yarmi). Jami 6 ta buyumdan iborat bo’lib, 5 tasi jezdan va bittasi kumushdan tayyorlangan. Bular: ko’za, pichoq bo’lagi, 3 ta to’g’nog’ich (bittasi kumushdan yasalgan), iskana bo’lagi. To’g’nog’ichlar juda mayda ishlangan bo’lib, uning bir tomoniga buzoqcha hamda sigir sog’ayotgan ayol juda ustalik bilan tasvirlangan. Xok xazinasi Farg’ona vodiysi arxeologiyasida noyob hisoblanadi. Xok xazinasi Sankt-Peterburgdagi Davlat ermitajining Sharq bo’limida saqlanadi.