FOTOELEKTR HODISALAR

FOTOELEKTR HODISALAR – elektromagnit nurlanish ta’sirida moddalarda yuz beradigan elektr hodisalar (elektr o’tkazuvchanlikning o’zgarishi, e.yu.k. hosil bo’lishi, elektronlar emissiyasi va boshqalar). Foton energiyasi h v elektronning kattaroq energiyali holatga o’tishiga sarflanadigan hollarda yuz beradi. Foton energiyasi faqat atomni uyg’otishgagina yetarli hollarda, moddaning dielektrik singdiruvchanligi o’zgarishi mumkin (fotodielektrik effekt). Agar foton energiyasi erkin elektronlar va kovaklar hosil qilish uchun etarli bo’lsa, u holda jismning elektr o’tkazuvchanligi ortadi (fotoo’tkazuvchanlik). Bir jinslimas yarimo’tkazgichlarda, xususan, r—p o’tish sohasida, yarimo’tkazgich — metall kontakti yaqinida foto e. yu. k. paydo bo’ladi. O’tkazuvchanlik elektronlari fotonlarni yutganda ham ularning harakatchanligi ortib, fotoo’tkazuvchanlik va foto e. yu. k. hosil bo’lishi mumkin. Foton energiyasi gaz atomlari va molekulalarini ionlash uchun etarli fotoionlanish yuz beradi. Suyuqlik yoki qattiq jism elektronlari yutgan fotonlarning energiyalari ancha katta hollarda elektronlar jismning sirtiga etib borishi va potentsial to’siqni oshib o’tib, vakuumga yoki boshqa muhitga chiqishi mumkin. Bu holda tashqi fotoeffekt deb ataladigan fotoelektron emissiya vujudga keladi. Qattiq jism ichida elektronlarning bog’langan holatlardan erkin holatlarga o’tishi bilan bog’liq Fotoelektr hodisalar «ichki fotoeffekt» deb ataladi. Metallarning elektr o’tkazuvchanligi juda kattaligi uchun ularda ichki fotoeffekt kuzatilmaydi, faqat fotoelektron emissiyagina sodir bo’ladi.