TARQATISH QUTISI

TARQATISH QUTISI (avtomobillarda) — ko’p o’qli avtomobilning yetakchi g’ildiraklariga burovchi momentni uzatish uchun mo’ljallangan mexanizmi. Qismlari: Karter, etakchi val, oraliq val, yetaklanuvchi val va old ko’prik yuritmasi Vali. Vazifasiga qarab, Tarqatish qutisida tezlikni qo’shimcha pasaytiruvchi uzatma bo’lishi yoki bo’lmasligi mumkin. Tezlikni qo’shimcha pasaytiruvchi uzatmada uzatishlar sonini oshiruvchi shesternyalar juftligi mavjud. U avtomobilning yetakchi g’ildiraklaridagi tortish kuchini yanada oshirishga imkon beradi. Odatda, Tarqatish qutisi tezliklar qutisi orqasiga o’rnatiladi va unga kardanli val (taqsimlash Vali) orqali ulanadi. Murakkabroq Tarqatish qutisida o’qlararo differentsial qo’llanadi. U old va orqa ko’priklar yuritmasi vallariga har xil tezliklarda aylanishga imkon beradi. Bu esa burilishlarda old g’ildiraklarning sirpanishini bartaraf qiladi. Tarqatish qutisini almashlab ulash mexanizmining ishi tezliklar qutisi almashlab ulash mexanizminikiga o’xshaydi. Tarqatish qutisiga transmissiya moyi qo’yib turiladi.