KANTATA

KANTATA (lotincha cantare — kuylamoq) — yakkaxon xonandalar, xor va orkestrga mo’ljallangan musiqa asari. Shaklan oratoriyaga yaqin, lekin hajmi kichikligi, mazmunida dramatik rivoji yo’q (yoki sust)ligi bilan farq qiladi. Odatda, orkestr muqaddimasi, bir nechta ariya, rechitativ hamda xor qo’shiqlaridan iborat bo’ladi. 17-asrda Italiyada rivoj topdi (G. Karissimi, A. Stradella, A. Skarlatti va boshqalar). 18-asr boshida Germaniyada diniy K. yuzaga keldi (G.F. Teleman, I.S. Bax). Keyinchalik dunyoviy va diniy Kantatalar boshqa mamlakatlarga tarqalib, mazmunan va shaklan boyidi. Frantsiyada L. Kerubini, F.J. Gossek, G. Berlioz, Germaniyada F.Shubert, I. Brams, P. Xindemit, Rossiyada N. Rimskiy-Korsakov, S. Taneyev, S.Raxmaninov, S. Prokofevlar Kantataning yorqin namunalarini yaratishdi. O’zbekiston kompozitorlari ham shaklan va mazmunan rang-barang Kantatalar yaratishgan: S. Yudakov, «Mirzacho’l», «Muborakbod»; S. Boboyev, «hosil bayrami»; M. Leviyev, «oq oltin»; o. Halimov, «Qoraqalpog’iston» va boshqalar.