BUDJET KLASSIFIKATSIYASI (TASNIFI)

BUDJET KLASSIFIKATSIYASI (TASNIFI) – Davlat budjeti tuzilmasiga kiruvchi budjetlar daromadlari va xarajatlari, shuningdek, uning defitsitini moliyalashtirish manbalarini guruhlash. Unda tasnif obyektlariga guruhlashtiruvchi kodlar beriladi. Barcha darajadagi budjet ko’rsatkichlarining qiyoslanishini ta’minlaydi. Budjet tasnifi budjet daromadlari tasnifini, budjet xarajatlarining vazifa jihatidan, tashkiliy va iqtisodiy tasnifini, Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish manbalari tasnifini o‘z ichiga oladi. Budjet daromadlari tasnifi qonun hujjatlariga muvofiq daromadlarni turlar va manbalar bo’yicha guruhlarga bo’lishdan iboratdir. Budjet xarajatlarining vazifa jihatidan tasnifi davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, boshqa budjet tashkilotlari tomonidan ijro etiladigan asosiy vazifalar bo’yicha xarajatlarni guruhlarga bo’lishdan iborat bo’ladi. Budjet xarajatlarining tashkiliy tasnifi esa budjetdan ajratiladigan mablag’lar ularni bevosita oluvchilar o’rtasida taqsimlanishini aks ettiruvchi xo’jalik yurituvchi subyektlar va tadbirlar turlari bo’yicha xarajatlarni guruhlarga bo’lishdan iboratdir. Budjet xarajatlarining iqtisodiy tasnifi to’lovlarning iqtisodiy vazifasi va turlari bo’yicha xarajatlarni guruhlashni o’z ichiga oladi. Davlat budjeti defitsitini moliyalashtirish manbalari tasnifi defitsitni moliyalashtirishning ichki va tashqi manbalari bo’yicha guruhlarga bo’lishdan iborat bo’ladi. Budjet tasnifi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.