AYIQTOVONLAR
AYIQTOVONLAR (Ranunculus) – ayiqtovondoshlar oilasiga mansub ko’p yillik (ba’zi turlari bir yillik) o’simliklar turkumi. Yer yuzida 600 ga yaqin turi, shu jumladan O’rta Osiyoda 65 turi bor; ko’proq sernam yerlarda, O’rta Osiyoda esa cho’l va adirlarda ham o’sadi. Ayiqtovonlar poyasining uzunligi 15-60 santimetr, ba’zan 80 santimetrga boradi; gullari sariq, to’g’ri (aktinomorf), qo’sh gulqo’rg’onli. Gulkosa va gultojisi 5 bargli, har bir tojbargning tagida qipiqsimon o’simta bilan yopilib turadigan shira bezi bor, changchi va urug’chilari ko’p. Gulo’rni ba’zi turlarida tuksiz, boshqalarida sertuk. Barglari panjasimon o’yma, poyaning pastidan yuqorisiga tomon maydalashib boradi. Mevasi apokarp va quruq. Ayiqtovonlarning O’zbekistonda 32 turi (ko’proq R. pinnatisectus, R. linerilobus, R. Severtzovii va boshqalar) o’sadi. Tarkibida zaharli modda — anemonol bo’lgani uchun Ayiqtovonlarli o’tloqlarda mol boqish xavfli. Ayiqtovonlar o’rib quritilganda zaharsizlanadi. Ba’zi turlari xushmanzara o’simlik sifatida ekiladi.