AKTSIZ
AKTSIZ (Fransuzcha accise — qirqib olmoq) — keng iste’mol tovarlari, eng muhim xom ashyolarga, shuningdek xizmatlar uchun davlat tomonidan solinadigan qo’shimcha soliq turi. Muayyan tovar (muhim iste’mol tovarlari: qand, gugurt, tuz, tamaki, spirtli ichimliklar, shuningdek avtomobillar, muzlatkichlar, mo’yna mahsulotlari billur va hokazo) lar narxiga, ko’rsatilgan xizmat (kommunal, transport va boshqalar) haqiga qo’shimcha ustama soliq sifatida qo’shiladi va uni to’lovchilar bevosita xaridorlar hisoblanadi. Aktsiz narx tarkibida muayyan qiymatda yoki narx miqdoridan ma’lum foiz hisobida ko’rinishlarida bo’ladi. Aktsiz davlat byudjetida daromadlarning muhim qismini tashkil etadi. Aktsiz qadimgi Rimda kelib chiqqan. Hozirgi dunyo mamlakatlarida keng rivojlangan. O’zbekistonda 1996 yil 1 oktabrdan respublikaning o’zida ishlab chiqarilgan va uning hududiga chetdan keltirilgan tamaki mahsulotlari hamda spirtli ichimliklarni sotishda maxsus Aktsiz markalari joriy etilgan.