ALIMENT

ALIMENT (lotincha alumentum — qaramog’idagi, boqimidagi) — bir shaxsning boshqa shaxsga majburan yoki ixtiyoriy ravishda to’laydigan nafaqasi. Aliment to’lash majburiyatlari asosan nikoh, qarindoshlik, ota-ona, farzandlik, farzandlikka olish, bolalarni tarbiyaga olish natijasida kelib chiqadi. Ota-onalar hamda bolalarning Aliment borasidagi huquq va majburiyatlari O’zbekiston Respublikasi oila kodeksi (1998 yil 30 aprel) va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibqoidalar asosida amalga oshiriladi. Ularga binoan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Mazkur majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota-onadan sudning hal qiluv qaroriga asosan Aliment undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga Aliment to’lash haqida ota-onalar o’rtasida kelishuv bo’lmaganda yoki Aliment ixtiyoriy ravishda to’lanmaganda va ota-onadan birortasi ham Aliment undirish to’g’risida sudga da’vo bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda Aliment undirish to’g’risida da’vo qo’zg’atishga haqlidir. Voyaga yetmagan bolalariga Aliment to’lash va ularga, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot uchun Aliment to’lash tartibi va shakli haqida ota-ona o’rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo’lmasligi kerak. Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, ularning ta’minoti uchun Aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadning 1 bola uchun — 1/4 qismi; 2 bola uchun — 1/3; 3 va undan ortiq bola uchun yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to’lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvoli va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko’paytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan Aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining 1/3 qismidan kam bo’lmasligi kerak. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berish ham ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa nizo sud tartibida hal qilinadi. Bunday bolalarga undiriladigan Aliment miqdori Aliment to’lashi shart bo’lgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli sud tomonidan hisobga olinib, har oyda pul bilan to’lanadigan qat’iy summada belgilanadi. Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning og’ir shikastlanishi, kasal bo’lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo’lgan qo’shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart. Qo’shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona) dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo’shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to’lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan Aliment ushlab qolinadi. Ota-onadan bolalarga undiriladigan Aliment miqdori Aliment to’lovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan to’lanadigan qatiy summada belgilanishi mumkin (O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi, 96-104-moddalar). Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o’z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to’g’risida g’amxo’rlik qilishlari shart. Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramog’ida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona haqida g’amxo’rlik qilish va ularga moddiy yordam ko’rsatish majburiyatidan ozod qilmaydi. Ular bunday yordam berishdan bo’yin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan Aliment miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorining 1/3 qismidan kam bo’lmasligi kerak (O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi, 109-110-moddalar). Oila a’zolari va boshqa shaxslarning, er-xotinlar va sobiq er-xotinlarning, qarindoshlar va boshqa shaxslarning Aliment majburiyatlari, Aliment to’lash to’g’risida kelishuv tuzish, Alimentlarni to’lash va undirish tartibiga oid qonun-qoidalar Oila Kodeksining V bo’lim, 14-18-boblarida belgilab berilgan. Ana shunga ko’ra, Aliment to’lashi shart bo’lgan shaxs Alimentni ixtiyoriy ravishda shaxsan yoki o’z arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablag’olayotgan joyida to’laydi. Voyaga yetmagan bolalar uchun olinadigan Aliment arizaga muvofiq ushbu Kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda ushlab qolinadi. Aliment to’lovchining ish, o’qish joyi yoki turar joyi o’zgarganligi haqida xabar qilish majburiyati ham bor. Bu majburiyat bo’yicha Aliment ushlab qolishi lozim bo’lgan ish beruvchi (tashkilot ma’muriyati) uch kun muddat ichida xabar berishi kerak. Shuningdek Aliment to’lashi shart bo’lgan shaxsning qo’shimcha ish haqi yoki boshqa daromadi to’g’risida sud ijrochisi hamda Aliment oluvchi shaxs yuqorida ko’rsatilgan muddatda xabardor qilinadi. Aliment to’lashdan bo’yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 122 va 123-moddalarida ko’rsatilgan. Moddiy yordamga muhtoj bo’lgan, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo’yin tovlash, ya’ni sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo’lgan mablag’ni jami 3 oydan ortiq muddat mobaynida to’lamaganlikda aybli deb topilgan shaxs eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi. Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo’lgan ota-onani yoki ular o’rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashdan shunday bo’yin tovlashi ham yuqoridagicha jazolanadi.