Taqir
Taqir– cho`l va chala cho`l o`lkalarda pastlik joylarni egallagan ancha keng, deyarli tep-tekis maydon. Yer yuzasi, asosan, gil jinslardan tarkib topgan. Yog`ingarchilik vaqtida ko`pincha suv to`planib, sayoz ko`llarga aylanadi. Kun isishi bilan suv bug`lanib ketib, taqir yuzasida betartib yoriqlar hosil bo`ladi. Taqirlarda oliy o`simliklar o`smaydi. Tuproqda chirindi kam – 0,3-0,8%. Tuproqni ba’zan sho`r bosadi. Taqirlar odatda qum tepaliklari orasidagi botiqlarda, tekis pastlik yerlarda bo`ladi. Ko`pincha qadimgi daryo vodiylarida, deltalarda, tog`oldi tekisliklarida uchraydi. Taqirlar odatda ikki xil bo`ladi: berch taqir va bo`zloq taqir. Berch taqirda odatda tuproq zarralari changsimon og`ir mexanik tarkibli gildan iborat bo`ladi. Bir dona ham giyoh bo`lmaydi. Bo`zloq taqirda tuproq mexanik tarkibida gil bilan birga qum ham bo`ladi. Yer yuzasi uncha yorilib ketmaydi, har yer – har yerda kavar va boshqa o`simliklar uchraydi.