Landshaftshunoslik

Landshaftshunoslik – Yerning landshaft qobig`i va uni tashkil etgan landshaft komplekslarini, bu komplekslarning tuzilishi, geografik joylashishi, rivojlanishi, xo`jalikda foydalanishini o`rganuvchi fan. Tabiiy geografiyaning bir tarmog`i. Landshaftshunoslik barcha geografik komplekslarni – landshaft qobig`i va geografik mintaqalardan tortib eng kichik komplekslargacha, ya’ni landshaft, joy, urochishegacha bo`lgan komplekslarni o`rganadi. Landshaftshunoslikni faqat landshaftni va uning tarkibiy qismlari bo`lgan joy, urochishe, fatsiyalarni o`rganadigan fandir, deb hisoblovchilar ham bor. Landshaftshunoslikning asosiy tadqiqot metodi bevosita joyda kuzatish, tabiiy komplekslarni xaritaga tushirish. Landshaftlar ta’rifi miqdoriy va sifat ko`rsatkichlariga asoslanadi. Landshaftshunoslik tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga va ularni muhofaza qilishga yordam beradi. Landshaftshunoslik faniga birinchi bo`lib V.V.Dokuchayev va uning shogirdlari asos solishgan. Ular tuproq zonalarini o`rganib, landshaftlarning zonallik qonuniyatini ishlab chiqishdi. Landshaftshunoslik keyingi yillarda ancha rivojlandi: landshaft, uning tuzilishi, komponentlari, tarkibiy qismlari, tadqiqot metodlariga bag`ishlangan anchagina ilmiy ishlar nashr qilindi. Mamlakatimiz turli joylarining landshaft xaritalari tuzildi.