APELLYATSIYA
APELLYATSIYA (lot. appellatio – murojaat qilish, shikoyat qilish, norozilik bildirish) — 1) sud hukmi yoki boshqa organlarning qarorlari ustidan shikoyat arizasi berishning bir shakli. Sud hukmi ustidan Apellyatsiya tartibida shikoyat berish yo’l qo’yilgan davlatlarning jinoyat-protsessual qonunida Apellyatsiya tushunchasi ikkinchi bosqich sudida jinoyat ishini mazmunan hal qilish uchun yangidan ko’rish mumkinligini bildiradi. Apellyatsiya sudi (ikkinchi bosqich sudi) hukmning qonuniyligi va asosligini faqat shikoyat (protest)da ko’rsatilgan holatlar bo’yicha tekshiradi. Apellyatsiya sudi ishdagi mavjud isbotlarni taftish etib, yangi isbotlarni ko’rib chiqadi, hukmni tasdiqlaydi yoki yangi hukm chiqaradi. Bu sudda birinchi instansiya sudida so’roq qilingan guvohlar takroran so’roq qilinmaydi, dalillarni bevosita va og’zaki tekshirish, sud ishlarini yuritishdagi tortishuv, mahkumni himoya huquqi bilan ta‘minlash va ishni uzoq muddat davomida ko’rishdek holatlar chegaralanadi. 2) Biror nufuzli instansiya (tashkilot, shaxslar)ga yordam so’rab murojaat qilish, jamoatchilik hukmiga havola etish.