DOGMATIZM
DOGMATIZM, aqidaparastlik — tanqidiy nuqtai nazardan tekshirmay, aniq sharoitni hisobga olmay ko’r-ko’rona fikr yuritish usuli. Dogmatizm Diniy ta‘limotda qatiy, hech bir e‘tirozga yo’l qo’ymaydigan aqidalarga rioya qilishda, fan sohasida esa, tayin tarixiy sharoitlarni hisobga olmay o’zgarmas qonun va qoidalarni tan olishda namoyon bo’ladi. Dogmatizmga asoslangan tafakkur usuli ilmiy bilishga zid, nazariya bilan amaliyotning bir-biridan ajralib qolishi natijasidir. Dogmatizm hukm surgan joyda turg’unlik, jaholat, karaxtlik, qotib qolish, mutaassiblik paydo bo’ladi. Yaqin o’tmishdagi sho’rolar tuzumi davrida fan, falsafa, iqtisodiyot, adabiyot va san‘at sohalarida dogmatik fikrlash usuli hukmronlik qildi. Iqtisodiy, siyosiy tashkilotlar va ular ishidagi buzilishlar ilmda sotsializmning asosiy mohiyatini tashkil etuvchi tomonlar sifatida ko’rsatilar va mutlaqlashtirilar edi. Bu xulosalar esa ijtimoiy fanlarga bahslashib bo’lmaydigan dogma sifatida kiritilib, nazariy fikrlarning ijodiy taraqqiyotiga to’siq bo’lib qolgan edi. Shunday sharoitda kimki yangi ilmiy muammoni ko’tarib chiqsa, ijodiy fikr yuritishga urinsa, u sotsializm dushmani deb e‘lon qilinar edi. Natijada ijtimoiy fan vakillari orasida sotsialistik jamiyatni tanqidiy tahlil qilish mumkin emas, degan fikr keng yoyilgan edi. SSSR parchalangandan so’ng ilm-fan va boshqa nazariy hamda amaliy faoliyatda ijodiy fikr yuritish imkoniyati vujudga keldi.