DEMOKRATIYA
DEMOKRATIYA (yun. demos – xalq va …kratus – hokimiyat) — fuqarolar erkinligi va tengligi qonunlarda mustahkamlangan, xalq hokimiyatchiligining vosita va shakllari amalda o’rnatilgan va yuzaga chiqarilgan siyosiy tuzum. Demokratiya davlat bilan inson munosabatlarini belgilaydi. Demokratiyaning asosiy talablari: ko’pchilik hokimiyati, fuqarolar teng huquqligi, ular huquq va erkinliklari himoyalanganligi, konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi, hokimiyatning bo’linishi, davlat boshlig’i va vakolatli organlarning saylab qo’yilishi. Demokratiyaning bevosita Demokratiya (asosiy qarorlar yig’ilishlarda bevosita barcha fuqarolar tomonidan yoki referendumlar yo’li bilan qabul qilinadi) va vakillik Demokratiyasi (qarorlar saylab qo’yiladigan organlar tomonidan qabul qilinadi) shakllari bor. Kishilik jamiyati paydo bo’lgandanoq, Demokratiyaning kurtaklari bor edi va u hozir eng taraqqiy etgan mamlakatlarda ham o’zining so’nggi cho’qqisiga erishganicha yo’q. Davlat bilan birga vujudga kelgan Demokratiya insoniyat tarixi davomida turli milliy-madaniy shart-sharoitlarga moslasha borgan. Har bir davlatda, millatda o’ziga xos qadriyatlar, mentalitet, an‘analar mavjuddir. Ular jamiyatdagi demokratik jarayonlarga katta ta‘sir ko‗rsatadi, binobarin demokratik muassasalarni shakllantirishda mazkur omillar, albatta, hisobga olinadi. Demokratik davlatda inson manfaati, qadr-qimmati, hayoti har narsadan yuqori turadi. Bunday davlat o’zini o’zi boshqarish, ko’ppartiyalilik, ommaviy axborot vositalarining erkin bo’lishi, fikrlar xilma-xilligiga sharoit yaratadi. Biroq Demokratiya hamma narsada xohlagancha erkinlik emas., qonunga asoslangan erkinlikdir. Demokratiyaning ajralmas qismi intizom, qonunlarni hurmat qilish, boshqalarning haq-huquqini himoya qilishdir. Demokratiya tartibotlari huquqiy davlatda mukam mal rivojlanib boradi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, demokratik huquqiy davlat va bozor iqtisodiyotini qaror toptirish yo’lida katta qadam qo’ydi. Demokratik tartibotlarni qayotga olib kiruvchi, demokratik siyosiy tizim tarkibiy tuzilmalarini hamda fuqarolik jamiyati bo’g’inlarini vujudga keltiruvchi, inson huquqlari kafolatlari tizimini qaror toptiruvchi qonunlar qabul qilinib, amalda ishlay boshladi. Hozirgi vaqtda demokratiya – xalqni hokimiyat manbai, deb e‘tirof etuvchi, fuqarolar tengligi, ozchilik huquqlarini himoyalovchi, davlatning asosiy organlari – saylovlar natijasida shakllanuvchi siyosiy tizim turi sifatida tushuniladi. Demokratiyaning jamiyat hayotini tashkil etish usuli sifatidagi eng muhim afzalliklari unda boshqa boshqaruv usullariga nisbatan hokimiyatni cheklash, uning barqarorligini saqlash va uni bir qo’ldan ikkinchisiga o’tishi mexanizmlarining atroflicha ishlab chiqqilganidir. Mana shu xususiyatlari, hamda jamiyatdagi ixtiloflarni tinch yo’l bilan muhokama, yon bosish, kelishuv orqali hal qilishga asoslanganligi – bugungi kunda ko’p mamlakatlar uchun demokratiyani jozibali va ma‘qul rivojlanish yo’liga aylantirmokda. Demokratiyaning liberal, konservativ, populistik, kommunistik va anarxisik talqinlari, plyuralistik va elitar konsepsiyalari, to’g’ridan-to’g’ri va vakillik demokratiyasi to’g’risidagi g’oyalar, bir qancha modellari mavjud.