FUQAROLIK JAMIYATI

FUQAROLIK JAMIYATI — huquq va demokratiyaga asoslangan ijtimoiy hayotning zarur oqilona usuli; insonga uning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayoti shakllarini erkin tanlash kafolatlanadigan, qonun ustuvorligi va inson huquqlari hamda erkinliklari qaror topadigan, ko’p partiyaviylik, siyosiy mafkura va fikrlarning xilma-xilligi ta‘minlanadigan hamda o’zini-o’zi boshqarish organlarining mavqei baland bo’lgan ijtimoiy tuzum. Fuqarolik jamiyati tushunchasi antik davrdan boshlab namoyon bo’lgan. Kategoriya sifatida ilk bor XVIII asr boshlarida yevropalik faylasuflar asarlarida ko’zga tashlanadi. Bunda mamlakatning har bir fuqarosi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma‘naviy va huquqiy jihatdan o’z ehtiyojlarini jamoat birlashmalari va fondlari, o’zini o’zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalar va nodavlat notijorat tashkilotlar ishida faol ishtirok etib, ular orqali qondiradilar. Fuqarolik jamiyatida fuqarolar davlat faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatadi, davlatning ko’pgina vakolatlari jamoat tashkilotlari zimmasiga yuklanadi. Fuqarolik jamiyati bu o’zini o’zi boshqarishdir. Uning birinchi va asosiy tamoyili shu. Fuqarolik jamiyati demokratik siyosiy tizim shakllanishining eng muhim sharti hisoblanadi. Fuqarolik jamiyati aholi ijtimoiy faolligining davlat organlari faoliyatiga bog’liq bo’lmagan turli shakllarini o’z ichiga olgan majmuini ifodalaydi hamda jamiyat tuzilishining haqiqiy holati yoki darajasini namoyon etadi. Fuqarolik jamiyati tushunchasi ifodalaydigan ijtimoiy aloqalar majmui u yoki bu mamlakat xalqiga xos bo’lgan fuqarolik munosabatlarining sifat ko’rsatkichi bo’lib, ijtimoiy sohada davlat va jamiyat funksiyalarini farqlaydigan asosiy mezon hisoblanadi. Fuqarolik jamiyati tushunchasi keng va tor ma‘noda qo’llaniladi. Keng ma‘noda Fuqarolik jamiyati jamiyatning davlat tuzilmalarining nazorati yetib bora olmaydigan barcha qismini qamrab oladi. Tor ma‘noda, huquqiy jamiyat bilan bevosita bog’liq bo’lib, ular bir-birisiz mavjud bo’la olmaydi. Fuqarolik jamiyati bozor va demokratik huquqiy davlatchilik sharoitida davlat tomonidan boshqarilmaydigan, erkin va teng huquqli shaxslarning o’zaro munosabatlarini ifodalaydi. Bu individual huquqlar va xususiy manfaatlar erkin amal qiladigan ijtimoiy makon hisoblanadi.