GVARDIYA
GVARDIYA (ital. – guardia) — harbiy qo’shinning saralangan imtiyozli qismi. Gvarsiya dastlab, Italiyada XII asrda paydo bo’lib, davlat bayrog’ini qo’riqlovchi sara askariy qism (karochchio)ni anglatgan. Muntazam qo’shinlar (asosan yollanma askarlardan tuzilgan) vujudga kelishi bilan ichki (hukmdorni qo’riqlovchi) va tashqi (jangovar maqsadlarda) harbiy qismga bo’linib, boshqa qismlarga nisbatan qurol-yarog’i, kiyimi va ta’limi yaxshi bo’lgan. Keyinchalik Fransiya (XV asr boshi), Angliya, Shvesiya, Rossiya, Prussiya (XVII asr) va boshqa mamlakatlarda paydo bo’lgan. Rossiyada Gvardiya (leyb- Gvardiya) XVII asr 90-yillarida Pyotr I tomonidan tuzilgan (1918-yil bekor qilingan). II jahon urushi yillari (1939-45) sovet qurolli kuchlarining janglarda o’rnak ko’rsatgan qismlari, kemalari, qo’shilma va birlashmalariga Gvardiya unvoni berilgan. Gvardiya Mazmunidagi askariy qism O’rta Osiyo xalqlarida ham qadimdan mavjud bo’lgan. Masalan, Somoniylar davlatida turk g’ulomlaridan iborat qism, Chingizxon va Amir Temur qo’shinida bahodirlar qismi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 23-yanvardagi qaroriga binoan respublika Qurolli Kuchlarining tarkibiy qismida – Milliy gvardiya tuzilgan.