ISLOM KONFERENSIYASI TASHKILOTI

ISLOM KONFERENSIYASI TASHKILOTI (IKT) — hukumatlararo xalqaro tashkilot. 1969-yili Rabot shahrida bo’lib o’tgan 25 ta islom mamlakatlari davlat va hukumat boshliqlarining 1-konferensiyasida asos solingan. 1973-yili Jidda shahrida bo’lib o’tgan Islom davlatlari tashqi ishlar vazirlarining 3-konferensiyasida ta‘sis etilib, ustavi qabul qilingan. Mazkur xalqaro tashkilot 1975-yildan buyon Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida kuzatuvchi maqomiga ega. Hozir IKT diniy mushtaraklik asosida jami 56 davlatni, jumladan, mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo davlatlarini, shuningdek, Falastin ozodlik tashkiloti (FOT) ni birlashtiradi. IKT ustaviga binoan uning maqsadi a‘zo davlatlar o’rtasida islom birdamligini rag’batlantirish, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ilmiy va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, irqiy kamsitishni, barcha shakldagi mustamlakachilikni tugatishga harakat qilish, tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun tadbirlar belgilash, Falastin arab xalqining o’z huquqlarini tiklash va uning yerlarini ozod qilish uchun kurashini qo’llab-quvvatlash kabilardan iborat. 1981-yildan IKTning rahbar organlari davlat va hukumat boshliqlari Konferensiyasi har uch yilda bir marta chaqiriladi va tashqi ishlar vazirlarining Konferensiyasi va bosh kotib rahbarligidagi kotibiyatdir. IKT qarorgohi Jidda shahrida joylashgan. 1996-yildan O‗zbekiston Respublikasi IKTga to’liq a‘zo bo’lib kirgan.