INFLYATSIYA

INFLYATSIYA (lot. inflatio – shishish, bo’rtish, ko’tarilish), pulning qadrsizlanishi — tovar-pul muvozanatining buzilishi natijasida muomalada xo’jalik aylanmasi ehtiyojlaridan ortiq darajada qog’oz pullar miqdorining ko’payib ketishi, pul massasining tovarlar massasidan ustunligi natijasida tovar bilan ta‘minlanmagan pullarning paydo bo’lishi. Inflyatsiya birinchi galda sifati yaxshilanmagan holda tovarlar va xizmatlar nyarxining ko’tarilishi ko’rinishida, shuningdek, oltin va chet el valyutasining milliy valyutaga nisbatan qimmatlashishi shaklida yuz beradi. Tovar ishlab chiqarishning to’lov qobiliyatiga ega talab o’sishidan ortda qolishi, bozorda talabga javob bermaydigan tovarlarning ko’payib ketishi, budjet kamomadlarini qoplash uchun qo’shimcha pul emissiyasi, investitsiyalarni emissiya hisobidan moliyalashtirish, monopol narxning mavjudligi, narxni oshib ketishidan hadiksirab tovarlarni keragidan ortiq xarid etish, mamlakatga qadrsizlangan chet el valyutasining ko’plab kirib kelishi va boshqa omillar Inflyatsiyani yuzaga keltiradi. «Inflyatsiya» termini dastlab 1861-1865 yillarda Shimoliy Amerikada, so’ngra Fransiya va Germaniyada qo’llanilgan. Inflyatsiya pul qadrini tushirib, uning iqtisodiy ahamiyatiga putur yetkazadi, shu bois davlat xarajatlarini qisqartirish, soliqlarni oshirish, pul emissiyasini cheklash, monopol narxlarni tartiblash, narx erkinligini ta‘minlash, ortiqcha pullarni bankka, qimmatli qog’ozlar bozoriga tortish va b.lardan iborat Inflyatsiyaga qarshi siyosat yuritiladi.