INSON VA FUQARONING HUQUQ VA ERKINLIKLARI
INSON VA FUQARONING HUQUQ VA ERKINLIKLARI — insonga bekamu ko’st yashash imkoniyatini beruvchi va iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, siyosiy sohalarda o’z imkoniyat va talablarining amalga oshirilishini ta‘minlovchi huquqiy maqom. Inson huquqlari va erkinliklariga rioya etish O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumining asosidir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qayd etilgan huquq va erkinliklar: qonunlarning mazmuni va qo’llanilishiga hamda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hokimiyat faoliyatiga bevosita ta‘sir ko’rsatadi; O’zbekistonning har bir fuqarosiga, uning jinsi, irqi, millati, tili, diniy e‘tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, maslagi, shaxsiy va ijtimoiy ahvolidan qat‘i nazar, inson huquqlari va erkinliklari buzilmasligini, sud yo’li bilan himoya qilinishini kafolatlaydi.