SAYLOV OKRUGI

SAYLOV OKRUGI — davlat boshlig’i yoki hokimiyatning vakillik organlariga saylov o’tkazish uchun tuziladigan aholi hududiy tashkilotining asosiy bo’g’ini. Saylov okrugi unda qancha deputat saylanishiga qarab, bir mandatli va ko’p mandatli bo‗lishi mumkin. Har bir okrugdan qonunda belgilangan miqdorda deputatlar saylanadi. Dunyo davlatlari tajribasiga ko’ra, saylovni demokratik tamoyillarga muvofiq o’tkazilishini ta‘minlash maqsadida turli xil milliy-ma‘muriy bo’linishga mos ravishda saylov okruglari tuziladi. Ya‘ni davlatning ma‘muriy – hududiy bo’linish bo’yicha istiqomat qilayotgan aholining o’z vakillarini davlat hokimiyati organlariga saylash shartlari saylov okruglarida belgilanadi. O’zbekiston Respublikasining butun hududida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylov va referendum to’g’risidagi qonunlar asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov tayinlangandan keyin saylov okruglari ro’yxati ularning chegaralari va saylovchilar sonini ko’rsatilgan holda e‘lon qilinadi. Saylov okruglari har bir saylov vaqtida O’zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng miqdorda qilib belgilanadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov o’tkazish uchun 120 ta hududiy Saylov okrugi tuziladi. Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga deputatlar saylashda 60 tadan ko’p bo’lmagan, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga deputat saylashda – 30 tadan ko’p bo’lmagan hududiy Saylov okrugi tuziladi. Har bir Saylov okrugidan Oliy Majlisga, tegishli xalq deputatlari Kengashiga bitta deputat saylanadi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning ma‘muriy-hududiy tuzilishini inobatga olgan holda belgilanadi.