SAYLOV SENZLARI
SAYLOV SENZLARI — konstitutsiya yoki saylov to’g’risidagi qonunlarda belgilangan saylov huquqini amalga oshirishda o’rnatilgan shart va cheklovlar. Senzlar turli xil bo’lishi mumkin: jins va yosh senzi (ayollarning saylov huquqini amalga oshirishiga ruxsat berish yoki cheklash; muayyan yoshga to’lganda saylov huquqini amalga oshirish); ijtimoiy va mulkiy senz, ma‘lumotlilik, o’troqlilik, fuqarolik senzi va boshqalar. Sivilizatsiya rivojlana borgan sari, u yo bu senzlar inkor etila borgan. Masalan, dastlab saylov huquqi faqat erkaklarga berilgan, lekin XX asrga kelib erkaklar va ayollar huquqi tenglashtirilgan. XIX asr va XX asrlarda tabaqaviy va mulkiy senzlar keng qo’llanildi. Muayyan tabaqa vakillari (ishchilar, dehqonlar, harbiy xizmatchilar va boshqalar)ning saylovlarda ishtirok etishiga yo’l qo’yilmagan, muayyan mulk va daromadga ega bo’lgan shaxslargina saylash huquqiga ega bo’lgan. Mulkiy, jinsiy, irqiy senzlar demokratiya tamoyillariga to’g’ri kelmasligi uchun ulardan voz kechildi. Hozirgi vaqtda har bir davlatning saylov to’g’risidagi qonunlarida Saylov senzlari belgilangan doirada amalda mavjuddir.