VOLOST

VOLOST (rus.) — Rossiyada uezd tarkibiga kirgan quyi ma‘muriy-hududiy bo’linma. Turkistonda bo’lis, vo’lis deb yuritilgan. Volost 1861-yilgacha Rossiya hududida davlatga va monastirlarga tegishli qishloq joylarida ma‘muriy-hududiy tuzilma sifatida tashkil qilingan. 1861-yilgi islohotdan so’ng, Rossiyaning hamma qishloq joylarida Volost quyi ma‘muriy-hududiy birlik bo’lib qolgan. Rossiya Turkistonni bosib olgandan so’ng, Turkistonning butun hududi (Buxoro amirligi va Xiva xonligidan tashqari) oblast, uezd, Volostlarga bo’lingan. Turkiston general-gubernatorligiga qarashli joylar 5 oblast, 27 uezd va 603 Volostga bo’lingan (1917). O’rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanishi o’tkazilgandan so’ng (1925-yilda) O’zbekiston hududida 241 Volost bo’lgan va 1926-yilgi iqtisodiy-ma‘muriy hududlashtirishga qadar saqlanib turgan.