Bositxon Zohidxon o‘g‘li (1878-1959)
Bositxon Zohidxon o‘g‘li (taxallusi Haqiriy) (1878—Toshkent — 1959.22.5) — uzbek shoiri, tarjimon, tabib. Orifjonov bosmaxonasida musahhih (1908—18), Chinoz va Chimkent maktablarida o‘qituvchi (1918—30), Sharq qo‘lyozmalari instituti (hozirgi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti)da ilmiy xodim (1944—53) bo‘lib ishlagan.
O‘zbek va fors tillarida ijod etgan, arab tilini yaxshi bilgan. G‘azal, muvashshax, murabbaa, musamman, tarji’band, muxammaslar yozgan. She’rlaridan bayoz («Bayozi Haqiriy», 1936) tuzgan.
G‘azzoliyning «Daqoiq ul-axbor» («Nozik xabarlar») asarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashr ettirgan (1907, 1914). Xalq tabobatiga oid «Qonuni Bositiy» yoki «Qonun almabsut» («Mukammal qonun», 1942) va «Istilohot ul-atibbo fi intifo’ot al-ahibbo» («Do‘stlar foydalanadigan tibbiy atamalar», 1944) kabi asarlar yaratgan.
Qo‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 126).