Vozeh (1817-1893)
Vozeh (taxallusi; asl ismi Qori Rahmatullo Bin Ashur Muhammad) (1817/18-1893/94, Buxoro) — o‘zbek shoiri, adabiyotshunos, xattot, geograf.
Buxoro madrasalaridan birida o‘qigan (1844 yilgacha). 1853—56 yillarda Karmana hokimi xizmatida bo‘ldi. Saroy muhiti bilan kelisholmay, Buxoroga qaytadi va umrining oxirigacha faqirona hayot kechiradi.
Vozeh o‘zbek, tojik va arab tillarida, turli janrlarda ijod qilgan. She’rlari turli bayoz va majmualarda uchraydi, devon tuzmagan. «Aqoid un-niso» («Ayollar uchun qoidalar») risolasi, «Savonih ul-masolik va farosix ul-mamolik» («Yo‘llarning qulayliklari va mamlakatlarning masofalari») va boshqa asarlari o‘sha davrdagi adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy muhitga oid, shuningdek geografiya va etnografiya bo‘yicha ma’lumotlarga boy.
«Koni lazzat va xoni ne’mat» («Lazzat manbai va ne’mat dasturxoni») asari Turkistonda rasm bo‘lgan turli nonlar va shirinliklarning inson salomatligiga foydali xususiyatlari haqida. 18—19-asrning 1-yarmidagi adabiy muhitni o‘rganishda qimmatli manba hisoblangan «Tuhfat ul-ahbob fi tazkirat ul-ashob» («Suhbatdoshlar tarjimai holidan do‘stlarga tuhfa», 1871) tazkirasida Qo‘qon va Buxoro xonligida yashagan shoir va davlat arboblari haqida ma’lumotlar, ularning asarlaridan namunalar keltirilgan. Asar 29 bobdan iborat, har bir bob shoirlar taxallusining arab alifbosidagi tartibi asosida tuzilgan.
Vozeh asarlarining qo‘lyozma nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar (inv. №75) hamda Sharqshunoslik (№50/11, 60, 2336/1, 2304/1, 1470, 854/1, 852/1) institutlarida saqlanadi.