Uch jism masalasi

Uch jism masalasi (astronomiyada) — butun olam tortishish qonuniga muvofiq o’zaro tortishuvchi uch jism harakati haqidagi masala. Bunda jismlar moddiy nuqtalar deb olinadi. Bunday deb olish uchun ular sharsimon shaklda, oralikdagi masofa ularning xususiy o’lchamlariga nisbatan juda katta bo’lishi kerak. Bir qancha osmon jismlari, masalan, Quyosh, sayyoralar va ularning yo’ldoshlari bu shartni etarli darajada qanoatlantiradi. 1912 yilda fin astronomi K.F. Sundman Uch jism masalasi umumiy yechimini cheksiz qatorlar ko’rinishida chiqardi, biroq bu yechim murakkab bo’lgani sababli amaliy maqsadlarda foydalanilmaydi. Uch jism masalasi faqat maxsus boshlang’ich shartlar qo’yilgandagina to’la yechimga ega bo’ladi.