Malik Qayumov (1912-2010)
Malik Qayumov (1912.22.4, Toshkent – 2010.29.4, Moskva) — kinorejisser, kinooperator. O‘zbekiston xalq artisti (1948), SSSR Xalq artisti (1967). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1946). Mehnat Qahramoni (1981).
Butunittifoq kinematografiya instituti (VGIK)ni tugatgan (1932). Faoliyatini Toshkent «Sharq yulduzi» kinofabrikasida kino artisti hamda kinooperator yordamchisi sifatida boshlagan (1929—31). Dastlab «Bag‘dodda «amerikon paxtasi»» (1931), «Qumlikdagi voha» (1932), «O‘lim qudug‘i» (1939) kabi filmlarda rollar o‘ynagan. Toshkent kinoxronika studiyasida operator, ayni paytda «Soyuzkinoxronika»ning O‘rta Osiyo muxbiri (1932— 40). Hujjatli filmlar markaziy studiyasining 2-jahon urushi frontlaridagi harbiy kinooperatori. Toshkent badiiy va hujjatli xronikal filmlar studiyasida kinooperator, rejisser, xronika direktori, badiiy rahbari (1946—60). O‘zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasining direktori, badiiy rahbari (1961-75). 1976-93 yillar O‘zbekiston kinematografiya xodimlari soyuzi pravleniyesining birinchi kotibi.
Malik Qayumov ijodiy faoliyati davomida 200 dan ortiq hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar yaratdi. U o‘z filmlarida O‘rta Osiyo hayotiga oid voqealar, uning tabiati, fani va xo‘jalik hayotini aks ettirgan. Toshkent Farg‘ona kanali qurilishiga bag‘ishlangan «Qudratli oqim» (hamkorlikda yaratilgan), «Toshkent to‘qimachilik kombinati», «O‘zbekiston geografiyasi», «Ona diyor», «To‘rt darvozali shahar», «Farhod chiroqlari», «Hindiston tongi», «O‘zbekistonimizga keling», «Insoniyatning besh qo‘li», «Vetnam — mening mamlakatim», «Bahordan bahorgacha», «13 qaldirg‘och», «Toshkent, Zilzila», «Go‘zallikning uch siri», «Samarqand hamisha men bilan», «San’atga baxshida umr», «Oltin Bengaliya», «O‘zbek atlasi»,, «Paranji», «Sharqda shunday shahar bor» (yoki «Toshkent bilan uchrashuv»), «Bryussel» va boshqalar qisqa, to‘la metrajli filmlari o‘zbek hujjatli kinosi rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.
Malik Qayumov nafaqat O‘zbekiston, balki jahon hujjatli kinosi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi va bu o‘z vaqtida Nyu-York, Venetsiya va Leyptsig xalqaro kinofestivallarining katta oltin medallari va «Oltin Kabutar» mukofoti bilan, jahon hujjatli kinosi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun maxsus diplom bilan taqdirlangan.
Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1964). «El-yurt hurmati» ordeni (1999) va «Jasorat» medali bilan mukofotlangan (1995).