AMPLUA

AMPLUA (Fransuzcha emploi — foydalanish) — aktyor imkoniyatlariga mos tushadigan rollar turkumi. Ma’lum rollarga ixtisoslashish barcha mamlakat teatrlari taraqqiyoti tarixida uchraydi. Ampluada ishlash, ayniqsa, Sharq teatriga xos. 17-asr oxiriga kelib yapon teatri (Kabuki)da Ampluaning 8 guruhi tarkib topdi. Hind teatrida esa Ampluaning 12 guruhi maydonga keldi. Ma’lum davrgacha Amplua ijobiy rol o’ynagan. Ammo, keyinchalik Amplua tizimi aktyorlar ijodida qolip va nusxalarni keltirib chiqardi, mumtoz dramaturgiyaning ayrim asarlari Amplua doirasiga sig’may qoldi. Sahnada hayotni aynan aks ettirish usuli maydonga kelgach, Amplua tizimi inqirozga yuz tuta boshladi. O’zbek teatrining shakllanish davrida aktyorlik san’atida Amplua mavjud edi. Aktyorlar realistik sahna qonuniyatlarini puxta o’zlashtirgan sayin turli mazmundagi rollarni ijro etishga o’tib, Ampluadan uzoqlashdilar. Lekin har bir aktyorning sevgan rollari, o’z ijodiy mavzui bo’ladi, buni Amplua bilan adashtirmaslik kerak. Amplua maydonlarda ko’rsatiladigan spektakllarda hamon ishlatiladi. Ampluaga asoslangan Sharq an’anaviy teatri (Yaponiya, Xitoy, Hindiston) shu kunlarda ham faoliyat ko’rsatib kelmoqda.