Bosqoq

Bosqoq (turkcha bosuvchi, ezuvchi)-mo’g’ul xoni tomonidan qaram mamlakatlarga maxsus yorliq bilan yuborilgan amaldor, noib. Bosqoq o’z ma’muriy mavqeiga ko’ra bek va lashkarboshilardan yuqori turgan. Bosqoqga maxsus harbiy otryad va turli mayda amaldorlar biriktirilgan bo’lib, uning vazifasi mahalliy hokimiyat faoliyatini nazorat qilish, soliq va o’lpon yig’ish, tub aholini ro’yxatga olishdan iborat edi. Bosqoqlar soliq va o’lpon yig’ishda benihoyat shafqatsizlik qilganlari bois, mustamlaka mamlakatlarda tez-tez qo’zg’olonlar sodir bo’lib turgan. Bosqoqlik XIII asr o’rtalarida Eron va Rusda ham joriy etilgan. Mo’g’ul xonlari XIV asr boshlarida, mazlum xalqlar kurashining kuchayishi munosabati bilan, Bosqoqlikni bekor qilib, soliq va o’lpon yig’ishni mahalliy hokimiyatga topshirishga majbur bo’lishgan.