Jannat

Jannat (arabcha)-ko’pchilik diniy ta’limotlarga ko’ra, taqvodor dindorlar narigi dunyoda rohat va farog’atda yashaydigan joy. Zardushtiylik, yahudiylik, xristianlik, islom dinlaridagi asosiy tushunchalardan biri. Barcha dinlarda Jannat do’zaxga qarama-qarshi qo’yiladi. Diniy aqida bo’yicha, bu dunyodagi hayoti davrida imonli holida ezgu ishlar bilan shug’ullangan kishilarga Alloh tomonidan Jannatdan joy beriladi. Jannatdagi hayot abadiy, bezavoldir. Jannatdagilarni Alloh turli ne’matlar bilan ta’minlaydi. U yerda g’am-g’ussa va tashvish yo’q. Odamlarning yaxshi ko’rgan barcha narsasi muhayyo etiladi. Islom diniga ko’ra, Jannatning 8 ta darvozasi bor: 1) payg’ambarlar, shahidlar, siddiq bandalar va saxiylar; 2) namozxonlar; 3) zakot beruvchilar; 4) amri ma’ruf, nahiy munkar qilgan mo’minlar; 5) nafsu shahvatini jilovlab yurganlar; 6) haj va umra qilganlar; 7) Alloh yo’lida jiddu jahd qilganlar; 8) taqvodorlar va ota-onasini rozi qilganlar kiradigan darvozalar. Jannatni qo’riqlovchi farishta “Rizvoni jannat” deb ataladi. Jannatda eng oliy ne’mat Allohning diydorini ko’rish hisoblanadi.