Rufat Mahkamov (1930-2018)
Rufat G‘ulomovich Mahkamov 1930 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1954 yili N. Bauman nomidagi Moskva oliy texnika bilim yurtini tugatib, 1957-1960 yillarda mazkur bilim yurti aspiranturasida tahsil olgan. 1961 yilda nomzodlik, 1978 yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan Akademik arbobi” unvoni bilan mukofotlangan.
R. Mahkamov o‘z mehnat faoliyatini 1954 yili sobiq ittifoq Mashina qurilish texnologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan. Iste’dodli olim qariyb 64 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Prezidiumi Texnika fanlari bo‘limi ilmiy kotibi, Geologiya instituti katta ilmiy xodimi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti dotsenti, kafedra mudiri, professori kabi lavozimlarda xalqimiz va Vatanimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, mashinasozlik sohasida yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shgan.
R.Mahkamovning texnika sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 200 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum. Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida bir qator fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.