Kapitalizm
Kapitalizm-xususiy mulk, bozor iqtisodiyoti va demokratik institutlarga asoslangan jamiyat turi. Ijtimoiy tafakkurning turli oqimlarida Kapitalizm – erkin tadbirkorlik tizimi, industrial jamiyat taraqqiyotining bosqichi. Kapitalizmning hozirgi davri esa “aralash iqtisodiyot”, “postindustrial jamiyat”, “axborot jamiyati” va boshqalar sifatida ta’riflanadi. Marksizmda Kapitalizm ishlab chiqarish vositalariga xususiy mulkchilikka va yollanma mehnatning kapital tomonidan ekspluatatsiya qilinishiga asoslangan ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya deb talqin etiladi. Kapitalizm XIV-XV asrlarda Italiya (savdo) va Gollandiya (manufaktura) shaharlarida yuzaga kelib, XVI asrdan boshlab Yevropada dastlabki sarmoya (kapital) jamg’arish deb atalmish jarayon natijasida qaror topdi.