Sa’dulla Karomatov (1928-1987)
Karomatov Sa’dulla Muzaffarovich (1928.14.7, Buxoro — 1987.21.8, Toshkent) — jurnalist, yozuvchi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1978). O‘rta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1949).
O‘zbekiston radioeshittirish qo‘mitasida xodim (1949—51), «Sovet O‘zbekistoni» gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1954—57), «O‘zbekiston madaniyati» (1957—59), «Sovet O‘zbekistoni» (1959—66) gazetalarida mas’ul kotib, «Toshkent oqshomi» — «Vecherniy Tashkent» gazetalari bosh muharriri (1966— 82), O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi kotibi (1982—85) bo‘lib ishlagan.
1963 yilda esa uning birinchi yirik nasriy asari — «Tog‘lar tabassumi» hujjatli qissasi maydonga keldi. So‘ng «Amuning zar kokillari», «Go‘zallik ramzi», «Kumush kamar» singari ocherklar to‘plamlari bosmadan chiqdi. Shundan so‘ng u mohir hikoyanavis va qissanavis sifatida qalam tebratdi. «Bir tomchi qon», «E’tiqod» (1970) kabi qissalarini yaratdi. U so‘nggi yillarda geologlar hayotidan olib yozilgan «Oltin qum» va cho‘llarni o‘zlashtirayotganlarga bag‘ishlangan «So‘nggi barxan» romanlarini yaratdi.
Sa’dulla Karomatov mohir tarjimon sifatida ham barakali qalam tebratib keldi. U Jyul Vernning «Suv ostida 8000 mill», turkman yozuvchisi Qilich Quliyevning «Qora karvon» romanlarini, Eron yozuvchilarining hikoyalar to‘plamini, tojik yozuvchisi Yusuf Akobirovning «Tegirmon to‘xtagach» qissasini, Vadim Kojevnikovning «Peshin chog‘i kungay tomonda» romanini o‘zbek tiliga o‘girgan.