Korrexidor

Korrexidor (ispancha Corregidor, corregir-tuzatmoq so’zidan)-Ispaniya hamda uning mustamlakalaridagi ma’muriy va sud lavozimi. XIII asrda Asturiyada joriy etilgan (boshqa ma’lumotlarga ko’ra, 1393 yili Kastiliya qiroli Enrike III ta’sis qilgan). Korrexidor monarx tomonidan tayinlangan va, asosan, mahalliy ma’muriyat hamda sudlar ustidan nazorat qilish vazifasini o’tagan. XVI asrda, Markaziy Janubiy Amerika Ispaniya tomonidan egallangan, hindular ko’pchilikni tashkil etgan hududlarda Korrexidor boshqaruvi ostidagi maxsus okruglar (korreximyento) tuzilgan. Korrexidor hindularni majburiy mehnatga jalb etish, soliqlar yig’ish va boshqa ishlarni tashkillashtirgan. Filippindagi ispan mustamlakalarida ham Korrexidorlar ayni shu vazifalarni bajargan. Korrexidor lavozimi mustamlakalarda XVIII asrda, Ispaniyada esa 1833 yili tugatilgan.