Toshmuhammad Qori-Niyoziy (1897-1970)
Qori-Niyoziy Toshmuhammad Niyozovich (1897.2.9, Xo‘jand — 1970.18.3, Toshkent) — matematik olim, pedagog, jamoat arbobi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1939). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1943), fizika-matematika fanlari doktori (1939), professor (1931). O‘zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti (1943—47). Mehnat Qahramoni (1967).
Farg‘ona shahrida yangi tipdagi birinchi o‘zbek maktabini tashkil qilgan (1917), 1920 yilda bu maktab Qo‘qon shahridagi dorilmuallimlik ta’lim-tarbiya kursi bilan qo‘shilib, Farg‘ona viloyat ta’lim-tarbiya texnikumiga aylantirildi va Qori-Niyoziy unga direktor qilib tayinlandi.
Qori-Niyoziy O‘rta Osiyo universitetini tugatgan (1929), shu universitet rektori (1931—33), O‘zbekiston Maorif xalq komissari va ayni paytda O‘zbekiston XKS huzuridagi Fan qo‘mitasi prezidiumi raisi (1937-38), Toshkent irrigatsiya va mexanizapiyalash muhandislari instituti matematika kafedrasi mudiri (1939 yildan). O‘zbekiston XKS raisi o‘rinbosari (1939—43), ayni vaqtda SSSR Fanlar akademiyasi O‘zbekiston filiali prezidiumi raisi (1940—43). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumi a’zosi (1947—62) va fizika-matematika fanlari bo‘limi raisi (1954—60), «Fan va turmush» jurnali bosh muharriri (1939—70).
Qori-Niyoziy O‘zbekiston xalqlarining madaniy hayoti tarixiga doir ilmiy ishlar muallifi. Elementar va oliy matematika bo‘yicha o‘zbek tilidagi birinchi darsliklar muallifi. Qori-Niyoziyning «Hayot maktabi» esdaliklar kitobida respublikada fan, maorif va madaniyat taraqqiyoti tarixi o‘z aksini topgan.
Davlat mukofoti (1952) va Beruniy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti laureati (1970). O‘zbekiston Respublikasining «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2002).
O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tekshirish institugi, Toshkentdagi ko‘chalardan biri va 206-maktab uning nomi bilan atalgan.