Xo’jaobod

Xo’jaobod — Andijon viloyati Xo’jaobod tumanidagi shahar (1981 y.dan), tuman markazi. Viloyat markazi (Andijon)dan 25 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Gurunchmozor (10 kilometr). Aholisi 17 ming kishi (2004). Xo’jaliklari va aholisi Janubiy Farg’ona kanalidan suv oladi. Shahar nomining kelib chiqishini mahalliy tarixchi va toponimistlar mashhur ulamo Xoja Abdullo Mavloniy Qozi bilan bog’laydilar. Xo’jaobodda 7 sanoat korxonasi, shu jumladan, paxta tozalash zavodi, ta’mirlash va qurilish korxonalari, 2 qo’shma korxona, dehqon bozori, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. 5 umumiy ta’lim maktabi, gimnaziya, qurilish kasb-hunar kolleji, 2 kutubxona, madaniyat uyi, shoshilinch tibbiy yordam bo’limi, kasalxona, tuman tug’ruq majmuasi, dorixona va boshqa tibbiy muassasalar faoliyat ko’rsatadi. Shahar hududidan Andijon — O’sh avtomagistrali o’tgan.