XAVF OSTIDA QOLDIRISH

XAVF OSTIDA QOLDIRISH (huquqda) — shaxsga qarshi jinoyatlardan biri; hayoti yoki sog’lig’i xavf ostida qolgan va o’zini o’zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo’lgan shaxsga yordam ko’rsatmaslik. Fuqaro shaxsni Xavf ostida qoldirishni shartli ravishda 2 ga bo’lish mumkin: 1) fuqaro yordamiga muhtoj shaxsga yordam berishi shart va bunday imkoniyatga ega bo’lgan hollar. Masalan, onaning o’z bolasi haqida g’amxo’rlik qilish majburiyati, xizmat vazifasidan kelib chiqadigan majburiyat, qutqaruvchining majburiyati va hokazolar; 2) fuqaro yordamiga muhtoj shaxsga g’amxo’rlik qilishi shart bo’lmagan, ammo u shaxsni hayoti va sog’lig’i uchun xavfli ahvolga tushirib qo’ygan hollar. Masalan, suzishni bilmaydigan odamni suvga tashlab yuborish, avtotransport vositasi bilan bosib ketish natijasida hayoti va sog’lig’i uchun xavfli holda qoldirish va hokazolar. Xavf ostida qoldirish natijasida shaxsni hayoti va sog’lig’i xavfli ahvolga tushib qolishi e’tiborga olinib, Xavf ostida qoldirish jinoiy norma sifatida O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksiga kiritilgan va tegishli jazo belgilangan (117-modda).