«Xalq so’zi»

«Xalq so’zi» («Narodnoye slovo») — ommaviy ijtimoiy-siyosiy gazeta. Muassisi — O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi. 1991 yil 1 yanvardan chiqa boshlagan. Haftada 5 marta, o’zbek va rus tillarida chop etiladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, uning organlari, Vazirlar Mahkamasi hamda mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini, mamlakatimizda va xorijda ro’y berayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy jarayonlarni xolis va beg’araz yoritish tahririyatning asosiy vazifasi hisoblanadi. Mustaqillikni avaylab-asrash, mustahkamlashning asosiy sharti — fuqarolarning siyosiy ongini oshirish, bir butun millat, xalq sifatida shakllantirish, Vatanga muhabbat, ajdodlarimizning qahramonona an’analariga sadoqat ruhida tarbiyalash, hurfikrlilik, milliy iftixor, Vatanparvarlik, erkinlik va ozodlikni eng ulug’ne’mat deb bilish gazetaning muhim yo’nalishidir. Gazeta vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, kontsernlar, kompaniyalar, qo’shma korxonalar, chet el vakolatxonalari va boshqa muassasalar bilan kelishuv va shartnomalarga muvofiq faoliyatning turli sohalariga oid axborotlarni, davlat, tijorat tizimlari va xususiy shaxslarning reklama hamda e’lonlarini bosib chiqaradi. Asosiy ruknlari: «Kuchli davlatdan — kuchli jamiyat sari», «Oliy majlisda», «parlament nazorati», «Farmon va ijro», «Ogohlik», «Bugunning gapi», «islohot odimlari», «sud-huquq islohoti», «ta’lim va islohot», «dolzarb mavzu», «bevosita muloqot», «kuch — bilim va tafakkurda», «ma’rifat soati», «olam nafasi», «Jurnalist surishtiruvi», «bir xat izidan» va boshqalar. Adadi 34000 (2004). Bosh muharriri Abbosxon Usmonov (1997 yildan).