Xo’ja Zaynuddin majmuasi

Xo’ja Zaynuddin majmuasi — Buxorodagi me’moriy yodgorlik (16-asr 1-yarmi); ikki ko’cha kesishgan yerda bunyod etilgan xonaqohmasjid. 1465-80 yillarda Buxoro qozikaloni lavozimida bo’lgan Xo’ja Zaynuddin tashabbusi bilan Imom al-Buxoriy sharafiga usta Mir Do’stumbiy tomonidan qurilgan. Bino masjidga mo’ljallab qurilgan, hujralari ham bor. Xonaqoh peshtoqgumbazli katta xona va 5 kichik hujralar hamda unga ikki tomondan tutash ayvondan iborat, hovuz hovlining katta qismini egallagan; xonaqohning Janub tomonidagi ravoqlardan biriga Xo’ja Zaynuddin qabri joylashtirilgan. Xonaqohning bosh tarzi peshtog’ida naqsh qoldikdari saqlangan. Katta xonadan 3 tomon (chuqur ravoq orqali ko’chaga va 2 tomonidan ayvon)ga chiqiladi. Xona gumbazi murakkab qalqonsimon bag’allar yordamida asosiga tayangan, gumbaz ichi 32 ga bo’linib, ular hallangan mayda gullar bilan bezatilgan, gumbazning quyi qismi muqarnaslar qatori bilan hoshiyalangan. Xona devorlaridagi taxmonlar hamda mehrobga yarim gumbaz shaklida muqarnaslar ishlangan. Devor izoralari sirkori parchinlardan murakkab handasiy shakllar, o’simliksimon naqshlar bilan bezatilgan; gumbaz, taxmonlar, mehrob va g’arbiy devordagi yozuvlar qatori kundal usulida bajarilgan. Devorning yuqori — asosiy qismi islimiy naqshlar (oq, qora, ko’k rang) bilan qoplangan. Katta xonaning ayvonga tutash devorlari ravoqli namoyonlarga bo’lingan. Shimoliy Sharqidagi balandligi 7 metr bo’lgan 8 ustunli ayvon atrofi toshlar bilan qoplangan hovuzli hovliga qaragan (hovuzga o’ymakori ajdar shaklidagi marmar novdan suv keltirilgan). Ayvon shifti toqili, yulduzsimon 7 hovuzaklarga bo’linib, handasiy naqshlar bilan jozibador bezatilgan. Xo’ja Zaynuddin majmuasi jamoat va diniy binolar me’morligini o’ziga xos mujassamlashtirgan inshoot sifatida qimmatlidir.