Vetnam, Vetnam sotsialistik Respublikasi
Vetnam, Vetnam sotsialistik Respublikasi (Cond Hoa Xa Hoi Chu Nghia Viet Nam), BCP – Janubiy-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim orolidagi davlat. Maydoni 330 ming 991 km2. Aholisi 76,3 million kishi (1999). Ma’muriy jihatdan 63 viloyat (tin) va markazga bo’ysunuvchi 4 shahar — Xanoy, Xoshimin (sobiq saygon) Xayfon va Xyuega bo’linadi. Poytaxti — Xanoy shahri. Davlat tuzumi. Vetnam — sotsialistik respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1980 yil 19 dekabrda qabul qilingan (keyinchalik o’zgartish va tuzatishlar kiritilgan). Davlat boshlig’i millat Majlisi tomonidan 5 yil muddatga saylanadigan Prezident (1997 yildan Chan Dik Liong). Davlat hokimiyatining oliy organi va qonun chiqaruvchi hokimiyat — millat Majlisi. Ijroiya hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Mamlakat hududining 80% dan ortig’i tog’lar va yassi tog’lardan iborat. Shimolda chuqur Daryo vodiylariga bo’lingan Yunnan tog’ligi, Markaziy va Janubiy qismlarida Annam tog’lari tizimining ayrim massivlari (Kontum, Darlak, Mnong va boshqalar) joylashgan. Vetnam ning eng baland nuqtasi ham shu yerda — 3280 metr. Dengiz sohili pasttekisliklardan iborat, ularning eng kattalari shimolda Xongxa va Janubda Mekong daryolari etaklarida. Iqlimi — qishda quruq, yozda seryomg’ir musson subekvatorial. O’rtacha temperatura shimolda iyulda 27°, 29°, yanvarda 14°, 17° dan Janubda 24°,26° gacha. Yillik yog’in miqdori 1500-3000 millimetr. Iyun va avgustda tayfunlar bo’lib turadi. Daryolari sersuv. Ularning eng kattalari — Mekong va Xongxa. Qir va tog’larda qizg’ish-sariq laterit, daryolarning etaklarida — allyuvial tuproqlar. Vetnam hududining 40% o’rmon bilan qoplangan; tog’larning quyi yon bag’irlaridagi doimiy yashil tropik o’rmonlar balandlikdagi subtropik o’rmonlarga ulanib ketadi. Yassitog’liklar va platolarda siyrak savanna o’rmonlari va butalar o’sadi. Vodiylarda bambuklar, dengiz sohillarining ayrim joylarida mangra o’rmonlari uchraydi. Batma-Xayvan milliy bog’i va ko’pgina qo’riqxonalari bor. O’rmonlarda gibbon, makaka, ayiq va yo’lbars, katta bo’g’ma ilon, yirik echkemarlar, oq va yashil to’ti, savannalarda hind fili, karkidon, jayran, yovvoyi buqa, jayra, tovus, burgut, delta va botqoqliklarda qizil g’oz, laylak, qarqara, o’rdak, yovvoyi g’oz, daryolarida baliqlar yashaydi. Aholisining 80% vetnamlar. Tailar, kxmerlar, MeO yoki myaolar, man yoki yaolar, xmonglar, xitoylar va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy tili — Vetnam tili. Aholining 20,1% shaharlarda istiqomat qiladi. Dindorlarning — 55% buddaviylar, 7% katoliklar. Islom diniga e’tiqod qiluvchilar ham bor. Yirik shaharlari: Xanoy, Xoshimin, Danang, Xayfon, Namdin. Tarixi. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning o’rtalarida hozirgi Shimoliy Vetnam hududida vetnamlarning ajdodlari yashagan. Miloddan avvalgi 3-asrda qizil Daryo deltasida ularning ilk quldorlik davlati — Aulak tashkil topgan. Shu davr qadimgi Vetnam xalqi — lakvetlar madaniyatining paydo bo’lishi davri hisoblanadi. Miloddan avvalgi 207 yilda Aulak vetlar davlati — Namvet bilan qo’shilib ketdi. Miloddan avvalgi 2-1-asrlarda Namvetga Xitoyning Xan sulolasi hukmron edi. Bu davlat 7-asrgacha Zyaoti, keyin Annam deb nomlanib keldi. Lakvetlar Xitoy feodallarining xitoylashtirish siyosati va zulmiga qarshi uzoq vaqt kurashdi va, nihoyat, 939 yilda mustaqillikka erishdi. 968 yilda mamlakat Daykovet (Buyuk qadimgi Vet) nomini oldi. Keyinchalik bu davlat Janubiy-Sharqiy Osiyodagi yirik feodal davlatga aylandi. Li sulolasi davri (1069-1225) da mamlakat Dayvet deb atala boshladi. Poytaxt Tang-Long (hozirgi Xanoy)ga ko’chirildi. 16-asrdan boshlab Hindixitoyga Yevropa savdogarlari kela boshladi. Sekin-asta Portugaliya (1535), Gollandiya (1631), Frantsiya (1672) savdo-tijorat idoralari paydo bo’ldi. Ular savdogarlar bilan missionerlarga tayanib, yarim Orolni mustamlaka qilishga kirishdi. 18-asr o’rtalarida butun mamlakatda iqtisodiy tanglik vujudga keldi. Markaziy viloyatlarda dehqonlarning g’alayonlari kuchayib ketdi. 1771 yilda dehqonlarning eng yirik qo’zg’oloni boshlandi. Bu qo’zg’olon tarixda teyshenlar qo’zg’oloni nomi bilan mashhur. Mamlakat Janubiy qismining hukmdori Nguen An Teyshenlar qo’zg’olonini bostirib, Shimoliy Vetnamni ham egalladi. 1804 yilda mamlakat Vetnam nomini oldi. Nguen An o’zini Zya Long nomi bilan Xoang (imperator) deb e’lon qildi (1806). Poytaxt Xyue shahriga ko’chirildi. Konchilik rivojlandi, tovar-pul aloqalari kengaydi. Ammo Vetnam xalqining mustaqil rivojlanishiga mustamlakachi davlatlar tajovuzi to’sqinlik qildi. Frantsiya «missionerlarni himoya qilish» bahonasi bilan Vetnamga qarshi urush ochib (1858), 1884 yilda o’z mustamlakasiga aylantirdi. 1887 yilda Frantsiyaning Koxinxin (Janubiy Vetnam) mustamlakasi, Annam (Markaziy Vetnam) hamda Tonkiy (Shimoliy Vetnam) protektoratlari kamboja va Laos bilan birga Hindixitoy Ittifoqiga birlashtirildi. Chet el hukmronligi o’rnatilishi davrida va o’rnatilgandan keyin ko’tarilgan xalq qo’zg’olonlari bora-bora milliy ozodlik harakatiga aylanib ketdi va 20-asr boshlarida u yangi bosqichga ko’tarildi. Frantsiyada muhojirlikda yurgan Nguen Ai Kuok (xo Shi Min) Frantsiyaning boshqa mustamlakalaridan kelgan muhojirlar bilan birga frantsuz mustamlaka xalqlari Ligasini tuzdi. Shu vaqtda mamlakatda ishchilar harakati ham rivojlana bordi. 1930 yilda Yenbay portidagi vetnamlardan iborat o’qchi polkning frantsuzlarga qarshi ko’targan qo’zg’oloni milliy ozodlik kurashining avj olishiga turtki bo’ldi. 2-jahon urushi davrida yapon militaristlari Vetnamni bosib olgach (1940), Vatanparvar kuchlar yapon va frantsuz mustamlakachilariga qarshi kurashdi. 1941 yil may oyida Vetnam mustaqilligi uchun kurash Ligasi (vetmin) tashkil qilindi. 1944 yil dekabrda qurollangan otryadlar, partizan guruhlari va xalq lashkarlari birlashib, Vetnam ozodlik armiyasi tuzildi. 1945 yilning mayida ozodlik uchun kurashayotgan hamma kuchlar Vetnamni ozod qilish armiyasi (keyinchalik Vetnam xalq armiyasi) ga birlashtirildi. Iyunda Shimoliy Vetnamning olti viloyati yaponlardan ozod qilindi. Markaziy va Janubiy Vetnamda partizanlar kurashi hamda ozodlik umum Vetnam milliy Kongressi qurolli qo’zg’olonni boshlash to’g’risida qaror qabul qildi va xo Shi Min rahbarligida Milliy ozodlik komiteti (muvaqqat hukumat) tuzildi. Mamlakatning ko’p qismi mustamlakachilardan ozod qilinib, 1945 yil 2 sentabrda mustaqil Vetnam Demokratik Respublikasi (VDR) tuzildi. 2-jahon urushida yapon militaristlari tor-mor qilingandan so’ng 1945 yil dekabrdan boshlab Vetnamga frantsuz mustamlakachilari bostirib kirdi. Ular avval Vetnam Janubda harbiy harakatlarni avj oldirdilar, so’ng butun mamlakat bo’ylab bosqinchilik urushini olib bordilar. Frantsuz qo’shinlarining qator mag’lubiyatlari (ayniqsa 1954 yil Denbenfu atrofida) hamda jahondagi tinchliksevar kuchlarning talabi natmjasida Frantsiya hukumati urushni to’xtatishga va 1954 yil Jeneva bitimini tuzishga majbur bo’ldi. Biroq janubiy Vetnam ma’murlari 1955 yil oktabrda Janubiy Vetnamni mustaqil respublika deb e’lon qildi va mamlakatda terrorchi rejim o’rnatildi. Mamlakat AQSh harbiy bazasiga aylandi. Janubiy Vetnam vatanparvarlarining Diktaturaga qarshi kurashi xalq kurashi tusini oldi. 1964-65 yillarda Janubiy Vetnam vatanparvarlariga qarshi urush olib borayotgan AQSh VDR ga ham hujum qildi. 1964 yil avgust boshlarida bir necha harbiy istehkom va aholi punktlari, 1965 yil 7 Fevraldan VDR ning Janubiy viloyatlari, keyinchalik butun mamlakat bombardimon qilindi. 1969 yilda Janubiy Vetnam Respublikasi Inqilobiy muvaqqat hukumati tuzildi. 1973 yil yanvarda Parijda urushni to’xtatish va Vetnamda tinchlik o’rnatish to’g’risida bitim imzolandi. 1976 yil iyulda shimoliy va Janubiy Vetnamni birlashtirish tugallandi, Vetnam Sotsialistik Respublikasi tuzildi. Vetnam 1977 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 17 yanvarda o’rnatgan. Milliy bayrami — 2 sentabr— Mustaqillik e’lon qilingan kun (1945). Siyosiy partiyasi, kasaba uyushmasn va boshqa jamoat tashkilotlari. Vetnam Kommunistik partiyasi, 1930 yilda tuzilgan; Vetnam Vatan fronti, VSR siyosiy partiya va jamoat tashkilotlarini birlashtiruvchi yagona front, 1977 yilda tuzilgan; Vetnam mehnat umumiy konfederatsiyasi, 1929 yilda tuzilgan. Jahon kasaba uyushmalari federasiyasiga kiradi. Xo’jaligi. Vetnam sanoati rivojlangan agrar mamlakat hisoblanadi. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jalik va o’rmon xo’jaligining ulushi 36,6%, sanoatning ulushi — 20,9%ni tashkil etadi. Sanoati tarkibida yengil va oziq-ovqat tarmoqlari ustun. Juda ko’p kichik sholi oqlash, qand-shakar, pivo va konserva zavodlari, choy va tamaki fabrikalari bor. Xanoy, Namdin, Xayfon, Xoshimin va boshqa shaharlarda to’qimachilik kombinatlari, trikotaj fabrikalari ishlab turibdi. Elektr energiya asosan issikdik elektr stansiyalarida hosil qilinadi (yiliga o’rtacha 10,8 milliard kVt-soat). Konchilik sanoatida toshko’mir, qalay (Kaolang viloyatida), xromit (kodin), apatit, volfram qazib olinadi. Kaobangda kapay, Langshonda alyuminiy, Txaynguen, Benxoada po’lat eritish korxonalari bor. Mashinasozlik mahsulotlari orasida stanoklar, qishloq xo’jalik mashinalari, konchilik mashina-uskunalari, nasoslar, radiopriyomniklar, televizorlar, transport vositalari ishlab chiqarish asosiy o’rinni oladi. Mashinasozlik korxonalari asosan Xanoy, Xoshimin, Benxoa, Kamfa,Xayziong va Xadong shahrida joylashgan. Qora va rangli metallurgiya, metallni qayta ishlash sanoati mavjud. Xayfon va Xoshiminda kemasozlik korxonalari, Xanoy, Vetchi, Lamt- Xao shaharlarida va mamlakat Janubda kimyo sanoati korxonalari ishlab turibdi. Binokorlik materiallari sanoati korxonalari, yogochsozlik va tsellyuloza-qog’oz, kauchukni qayta ishlash korxonalari bor. Qishloq xo’jaligi sohasida mehnatga layoqatli aholining qariyb 75% mashg’ul. 5 million gektar yerda qishloq xo’jalik ishlari olib boriladi. Ayrim hududlarda 2-3 marta hosil olinadi. Vetnamda asosiy qishloq xo’jalik ekini sholi. Batat, maniok, makkajo’xori, sabzavot, texnika ekinlaridan shakarqamish, choy, tamaki, shuningdek ananas, banan, kofe, kauchuk, efir moyli ekinlar ham yetishtiriladi. Chorvachilikning asosiy tarmog’i — cho’chqachilik. Bundan tashqari qoramol, parranda boqiladi. Baliq ovlanadi. Transporti. Temir yo’lning uzunligi— 2,6 ming kilometr, avtomobil yo’llarining uzunligi — 300 ming kilometr, ichki suv yo’llarining uzunligi — 40 ming kilometrga yaqin. Asosiy dengiz portlari: Xoshimin, Xayfon, Danang, Xonggay, Kamfa. Xoshimin va Xanoyda xalqaro aeroportlar bor. Vetnam chetga neft, ko’mir, sholi, kauchuk, qalay, kofe, baliq hamda dengiz va qishloq xo’jalik mahsulotlari chiqaradi. Chetdan neft mahsulotlari, o’g’it, po’lat, prokat, tsement, paxta, mashina asbob-uskunalari oladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Yaponiya, Singapur, Gonkong, Janubiy Koreya, Frantsiya, Avstraliya, Germaniya. Pul birligi — Dong. Tibbiy xnzmati. Mamlakatda bepul tibbiy xizmat joriy etilgan. Sharq tibbiyoti xodimlari uyushmasi huzurida keng tarmoqli davolash-farmasevtika kooperativlari mavjud. Ularning ko’plari huzurida shifoxonalar, bundan tashqari 400 ga yaqin uezd poliklinikalari va ko’pgina dispanserlar bor. Xalq maorifi, ilmiy va madaniy- ma’rifiy muassasalari. Vetnamning ta’lim tizimi bir necha bosqichdan iborat: birinchi bosqich — maktabgacha ta’lim (bolalar bog’chalari); ikkinchi bosqich — maktab ta’limi. 5 yillik boshlang’ich ta’lim 6 yoshdan o’tgan bolalar uchun majburiy. Mamlakatda 13092 boshlang’ich maktab bo’lib, ularda 9 million 725 mingdan ortiq o’quvchi ta’lim oladi. O’rta maktablarda o’qish 7 yil bo’lib, ularda 3 million 815 ming o’quvchi ta’lim oladi; uchinchi bosqich hunar ta’limi (hunar-texnika bilim yurtlari); to’rtinchi bosqich — oliy ta’lim. Mamlakatda 104 oliy o’quv yurti, jumladan 6 universitet bor. Ularda 120 mingga yaqin talaba o’qiydi. Yirik oliy o’quv yurtlari: Xanoy universiteti (1918 yil tashkil etilgan), Xoshimin universiteti (1917 yil tashkil etilgan), politexnika, adabiyot, tibbiyot-farmasevtika institutlari. Vetnam hozirgi ziyolilarining ancha qismi oliy ta’limni O’zbekistonda olishgan. Toshkentdagi deyarli barcha oliy o’quv yurtlarida Vetnam talabalari va aspirantlari ta’lim olgan. Vetnamda 60 dan ortiq ilmiy tadqiqot muassasasi bor. 1977 yil tashkil etilgan «Ngiado» ilmiy tadqiqot markazida matematika, fizika, kimyo, biologiya va yer haqidagi fan sohasida tadqiqotlar o’tkaziladi. 1977 yilda Fanlar akademiyasi tashkil etilgan. Vetnamdagi yirik kutubxonalar: Xanoy, Xoshimindagi Markaziy va ilmiy kutubxonalar, universitetlarning kutubxonalari. Xanoyda tarix, Vetnam xalq armiyasi, inqilob, Xoshiminda milliy muzey, «amerikalik agressorlarning jinoyatlari» muzeyi bor. Matbuoti, radioeshittirish va teleko’rsatuvi. Vetnamda 30 Markaziy va 19 mahalliy nashriyot bor. Mamlakatda 100 dan ortiq gazeta va jurnallar nashr etiladi. Eng yirik gazetalar: «Nyan zan» («Xalq», kundalik gazeta, 1951 yildan), «Saygon zyay Fong» («Ozodlik», kundalik gazeta, 1975 yildan), «Xanoy moy» («yangi Xanoy», kundalik gazeta, 1957 yildan), «Fu ni Vetnam» («Vetnam ayollari», haftalik gazeta, 1953 yildan), «Lao Dong» («mehnat», haftalik gazeta, 1943 yildan); yirik jurnallar: «vetnam» (Vetnam, rus, ingliz, frantsuz, ispan tillarida chiqadigan oylik jurnal, 1954 yildan), «Vetnamiz tredyunionz» («Vetnam kasaba uyushmalari», ingliz, frantsuz va ispan tilida chiqadigan jurnal). 1945 yildan Vetnam axborot agentligi faoliyat ko’rsatadi. Vetnam radioeshittirish va teleko’rsatuvini madaniyat va axborot vazirligi nazorat qiladi. Teleko’rsatuvga 1966 yil Janubiy Vetnamda, 1970 yil Shimoliy Vetnamda asos solingan. Adabiyoti. Vetnamda qadimdan xalq og’zaki ijodiyoti rivojlangan. Ilk yozma yodgorliklar 10— 14-asrlarda paydo bo’ldi. O’rta asrlar adabiyoti buddizm, keyinroq Konfutsiy aqidalari ta’sirida shakllandi. Nguen Chayning «ona tilidagi she’rlar to’plami» (15-asr) bizgacha yetib kelgan Vetnam so’zlashuv tilidagi eng qadimgi adabiy yodgorlikdir. 18-asr va 19-asr boshlaridagi adabiyotda Uyg’onish davri an’analariga yaqin tamoyillar, inson shaxsiga kuchli e’tibor ruhi aks etdi. Nguen zuning «tilka-pora qalb nolasi» dostoni, shoira xo Suan Xiong qalamiga mansub Dilrabo she’rlar Vetnam mumtoz adabiyotining eng yaxshi asarlaridir. 19- asr 2-yarmi she’riyatida vatanparvarlik ohanglari ustunlik qildi (Nguen din TEU, Nguen Txong), hajvchilik yo’llari kuchaydi (Nguen Kxyuen, Tu Siong). 20-asr boshlari she’riyati va publitsistikasi ma’rifatparvarlik va vatanparvarlik g’oyalarini ifoda etdi. Zamonaviy nasriy janrlar: hikoya, drama, roman paydo bo’ldi. 30-yillarda vujudga kelgan «Yangi she’riyat» harakati she’r tuzilish tizimini qayta qurishga ko’maklashdi. Inqilobiy adabiyot yuzaga kela boshladi — To Xiu she’rlari, xo Shi Minning «Bambuk ajdaho» komediyasi, «zindon kundaligi» nazm to’plami, hikoya va publitsistikasi shu jumlaga kiradi. 20 – asr 2-yarmida Vo Xyui tam, Nguen din TXI, Dao By, Nguen Xong, Nguen Kxay, Nguen Min Teuning romanlarida va boshqa yozuvchilarning qissa hamda hikoyalarida Vatan himoyachisining qahramonliklari tasvirlandi. Vetnamning hozirgi taniqli shoir va yozuvchilari: to Xiu, Ngo Tat to, Ngo Tuan, To Xoay, Nguen Din Txi, Nguen Kong Xoan, Nguen Van Bong. Me’morligi. Mishon va Dongziong sh.larida buddizm va brahmanizmning 7-13-asrlarga mansub minorasimon tosh ibodatxonalari (Mishondagi bo-Kxat- Resoa ibodatxonasi, 7-10-asrlar; hozirgi Kuinyon yaqinidagi «Oltin minora», «kumush minora», «mis minora» ibodatxonalari, 11-12-asrlar), Binsonva Guedagi ko’p pog’onali minoralar, Xanoydagi Konfutsiyga bag’ishlangan «adabiyot maskani» deb ataluvchi ibodatxona majmualari (11-asr) saqlanib qolgan. Keyingi davrlarning me’moriy obidalari orasida Xanoy yaqinidagi buttan (14-asrgacha), Txaybin viloyatidagi keo (17-asr) ibodatxona majmualari, Xanoy yaqinidagi Dinbang qishlog’ida qurilgan ko’p ustunli inshootlarni (18-asr) ko’rsatish mumkin. 18-asr oxiri — 19-asr boshlariga mansub saroylar o’ymakorlik va lok bilan bezatilgan (Xyue shahridagi «mukammal uyg’unlik saroyi»). Frantsuz mustamlakachilari hukmronligi davrida (19- asr o’rtalaridan) shaharlarda modern va funktsionalizm uslublaridagi binolar qurildi. 20-asrning 60-90-yillarida sanoat (Xanoy, Kaobang va boshqa shaharlardagi zavodlar) va jamoat inshootlari (politexnika instituti, xo Shi Min mavzoleyi), turar joy dahalari tiklandi va yangilari qurildi. Nguen Van Nin, Nguen Kao Luen, Xoang Ti tep, Chan Xi tem va boshqalar. Vetnamning yetakchi me’morlari hisoblanadi. Tasviriy san’ati. Vetnam xalqlarining betakror va o’ziga xos badiiy ijodiyoti miloddan avvalgi 1-asrlardan boshlangan. 9-12-asrlardagi monumental haykaltaroshlik g’oyat nafisligi bilan ajralib turadi (chakelik raqqosa va sozandaning bo’rtma tasviri). 11-15-asrlar haykaltaroshligida hayvonlarning go’zal va mutanosib qiyofasini yaratish ko’zga tashlanadi. 15-18-asrlarda portret rang-tasviri rivojlandi. Vetnamda qadimdan amaliy bezak san’ati — metallga gul solish, kulolchilik, kashtado’zlik, fil suyagi o’ymakorligi, lok bilan bezash va hokazolarning har xil turlari keng yoyilgan. Hozirgi tasviriy san’atda rassomlik va grafika (Liong Suan ni, fan Ke An, Nguen Van Ti, Nguen Dik-Nung, To Ngok Van va boshqalar), haykaltaroshlik (Chan Van Lam) rivoj topgan. Musiqasi. Vetnam professional musiqasida Xitoy, shuningdek asosan tyam va budda diniy musiqa madaniyatining ta’siri seziladi. Milliy operada ashula bilan birga rechitativ, nutq, raqs, imo-ishora ham uchraydi. Cholg’u asboblari: puflab chalinadigan — bambuk kxen, naysimon Shao Bau, Tieu, pidoy va boshqalar, goboy toifasidagi piramlang; torli (1 tordan 42 torgacha) — qad. bir torli Bau, chang toifasidagi txapluk; zarbli — turli barabanlar, gonglar, buben va boshqalar, 1945 yildan keyin mamlakat shimolda milliy musiqa madaniyati yuksaldi, ommaviy vatanparvarlik qo’shiqlari keng yoyildi, katta shakldagi musiqa turlari (oratoriya, kantata, simfoniya) rivojlandi. Opera ommalashdi (kompozitorlar do Nyuan, Nyat Lay, Nguen Suan Xoat, Nguen Neo Tui). 1960 yildan balet yuzaga keldi (kompozitorlar Chan kuy, Xoan Van, Nguen din tan va boshqalar). Xanoyda konservatoriya, musiqa maktablari, opera teatri, simfoniya va xalq cholg’u asboblari orkestrlari, davlat xori, qo’shiq va raqs ansambli bor. Teatri. Xalq marosimlari Vetnam teatrining manbaidir. Teo xalq teatri, Tuong va kayliong teatrlari ana shu marosimlar zamiridan yetishib chiqqan. Muloyim raqslar, musiqa va qo’shiqlar ularning ifoda vositasi bo’ldi. 20-asr boshlarida Xanoyda kitnoy deb atalgan zamonaviy so’zlashuv uslubidagi drama teatri vujudga keldi. Teatr sahnasida milliy dramaturglarning asarlari («vijdon azobi», «Fuong ismli qizning qabri») va jahon mumtoz dramaturgiyasi namunalari (Shekspir, Moler pesalari) qo’yildi. 1946-54 yillardagi urush davrida kitnoy aktyorlari harbiy qismlarda «vatanga sadoqat qasami», «Vatan uchun jon bermoq» kabi vatanparvarlik ruhidagi tomoshalarni ko’rsatishdi. 20-asrning oxirgi o’n yilliklarida Teo, Tuong, Kay- Liong va ayniqsa kitnoy teatrlarining faoliyati kuchaydi. 1961 yilda oliy drama maktabi ochilgan. Vetnamda professional va havaskorlik truppalari, an’anaviy xalq qo’g’irchoq teatri mavjud. Birinchi professional qo’g’irchoq teatri 1957 yil XaNanda tashkil etilgan. Kinosi. Vetnam hujjatli kinosining asoschilari orasida operatorlar Xuang Me, May Lok, Kuang Tuy, Fen Ngiemlar bor. 1953 yilda kino ishlab chiqarishga rahbarlik qiluvchi milliy birlashma tashkil etildi. 1956 yilda Xanoyda kinostudiya, 1959 yilda Milliy kino maktabi barpo etildi. Filmlar orasida «Ti Xao ismli qiz» (rejissyor Fam Ki nam), «17-parallel», «Xanoylik qizcha» (ikkovining rejissyor Xay Nin), «avgust yulduzi» (rejissyor Chan DAK) ni ko’rsatish mumkin. O’zbekiston—Vetnam munosabatlari. VSR tashqi ishlar vazirining 1994 yil Fevralda O’zbekiston Respublikaga tashrifi chog’ida imzolangan «savdo-iqtisodiy hamkorlik to’g’risidagi bitim» va o’zaro maslahatlashuvlar haqidagi bayonnoma iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga imkon yaratdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning 1996 yil mart oyida VSR ga rasmiy tashrifi ikki mamlakatning o’zaro munosabatlarida yangi bosqich bo’ldi. Tashrif yakunida «O’zbekiston Respublikasi bilan Vetnam Sotsialistik Respublikasi o’rtasidagi davlatlararo munosabatlarning asoslari va hamkorlik to’g’risida shartnoma», «investisiyalarni o’zaro rag’batlantirish va himoya qilish to’g’risida», «savdo-iqtisodiy va fan-texnika hamkorligi bo’yicha O’zbekiston — Vetnam hukumatlararo komissiyasini tuzish haqida»gi kelishuvlar va boshqa hujjatlar imzolandi. O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan Vetnam tashqi savdo banki hamkorlik to’g’risida shartnoma imzoladilar. O’zbekistonning VSR bilan tovar aylanmasi 1996 yilda 4,4 million AQSh dollarini tashkil qildi. O’zbekiston Vetnamga pilla, yog’va moy, elektr asbob-uskunalari yuboradi va undan choy hamda turli xizmatlar oladi. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida «Dongshon» va «o’z-Xishako-Interneyshnl» qo’shma korxonalari tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida ro’yxatga olingan. Ular to’qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, savdo-vositachilik amaliyoti, shuningdek pilla va ipak chiqitlarini xarid qilish bilan shug’ullanadi. Bir necha yillar davomida O’zbekistonda Vetnam uchun mutaxassislar tayyorlangan. Mutaxassislar asosan energetika, qurilish, avtomatika va hisoblash texnikasi, gidrogeologiya, injenerlik geologiyasi, tibbiyot, yurisprudentsiya, sharqshunoslik, qishloq xo’jalik va melioratsiya kabi sohalar bo’yicha tayyorlangan. 1995 yil 22 dekabrda «O’zbekistan — Vetnam» do’stlik jamiyati tuzilgan.