Uxumsoy

Uxumsoy — Jizzax viloyati Forish tumanidagi soy. Nurota tizmasining shimoliy yon bag’ridan boshlanadi. Uzunligi 28 kilometr, havzasining maydoni 73,2 km2. Uxum dovonidan (1300 metr) 2 kilometr shimoli g’arbda Qorasoy nomi bilan boshlanadi. O’rta Uxum qishlog’i yaqinida Tikchasoy bilan qo’shilgach, Uxumsoy deb ataladi. Tog’lar orasida yon bag’irlari baland, keng vodiyda Nishabi katta Toshloq o’zanda oqadi. Havzasi, asosan, suvni yaxshi o’tkazadigan jinslardan tuzilganligidan qor va yomg’ir suvlarining ko’p qismi er ostiga singib ketadi. O’rtacha yillik suv sarfi 1,17m3/ sekunddan (ko’p suvli yilda) 0,130 m3/sekundgacha (kam suvli yilda) o’zgaradi. Qor, yomg’ir va buloq suvlaridan to’yinadi. Bahorda suvi ko’payadi, yoz oxiri, kuz boshlarida suvi kamayadi. Tog’lar orasidan tekislikka chiqqach, yozda o’zani qurib qoladi. Suvi ekin maydonlarini sug’orishga sarflanadi.