Ugarit yozuvi

Ugarit yozuvi — consonant harftovush yozuvi (mixxat); miloddan avvalgi 14— 13-asrlarda Ugarit davlatida Ugarit tilidagi, shuningdek, xurrit tilidagi, ba’zan Akkad tilidagi matnlarni yozish uchun qo’llangan. Ugarit yozuvida bitilgan matnlar ugaritdan tashqari hududlarda, jumladan, Falastinda ham topilgan. Ugarit yozuvining shumerakkad mixxati bilan genetik aloqasi borligi haqidagi fikr uncha ishonarli emas. Uning finikiy va Janubiy Arab yozuvi bilan kelib chiqishi bir degan faraz ham hozircha tasdiqlanmagan. Ugarit yozuvi miloddan avvalgi 2-ming yillikning 1-yarmigacha paydo bo’lgan. Dastlab Ugarit yozuvi bizgacha yetib kelmagan bo’g’inli mixxat yozuvidan kelib chiqqan va unda 30 ta belgi bo’lgan. Bu belgilar, asosan, undosh tovushlarni ifodalagan. Matnlarni tushunishni osonlashtirish uchun maxsus so’z ajratkichlar (vertikal mixsimon belgilar) qo’llangan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida Ugarit yozuvining finikiy yozuvi ta’sirida qisqargan shakli (30 ta o’rniga 22 ta belgi) ham mavjud bo’lgan. Ugarit yozuvi ba’zi ijtimoiy-siyosiy voqealar oqibatida miloddan avvalgi 1-ming yillik boshlarida muomaladan chiqqan. Ushbu yozuv 1929-30 yillardagi arxeologik qazishmalar natijasida fanga ma’lum bo’lgan va frantsuz olimlari E.Dorm va Sh. Virollo hamda nemis olimi X. Bauer tomonidan o’qilgan.