Ugom tizmasi

Ugom tizmasi – G’arbiy Tyanshanning bir qismi. Tizmaning Janubiy g’arbiy qismi Toshkent viloyati Bo’stonliq tumani hududida. Talas Olatovidan (Manas tog tuguni yaqinidan) boshlanib Janubi G’arb tomon 115 kilometrga cho’zilgan. Piskom va Ugom daryolari oralig’ida. Uning Janubiy g’arbiy qismi O’zbekistonda, shimoliy Sharqiy qismi esa Qozog’iston hududida. Suvayirg’ich yaqinidan ikki davlatning chegarasi o’tadi. O’rtacha balandligi 3000-3500 metr, Janubi G’arb tomon pasayib boradi. O’zbekistondagi qismi ancha past, Chirchiq daryosi yaqinida balandligi 1500 metr. Ugom tizmasining ayrim cho’qqilari 3500-4000 metrga ko’tarilgan. Eng baland cho’qqisi sayram (4238 metr). Sayram cho’qqisidan Ugom tizmasi bir qancha tarmoqlarga ajraladi, bulardan eng yiriklari Tuproqbel va Maydontoldir. Bu tarmoqlar ancha baland bo’lib, ba’zi cho’qqilari 4000 metrdan yuqori — (Tuproqbel — 4234 metr). Ugom tizmasining bu qismida doimiy qor uyumlari va kichik muzliklar mavjud. Ugom tizmasining suvayirg’ich qismi asosan, qoyali. Ba’zi joylarida tekislangan yuzalar bor. Janubiy g’arbiy yon bag’ri ancha tik, shimoli sharqiysi esa biroz nishabroq. Yon bag’irlarida ko’plab kalta, chuqur daralar bor. Ostona va sharsharalar hosil qiluvchi daryolar bilan kesilgan. Ugom tizmasi gersin burmalanishi davrida shakllangan antiklinoriydir. Hozirgi balandligiga yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilgan. Paleozoy davriga mansub ohaktosh, dolomit, qumtosh, slanes, granit, granodiorit, porfir kabi tog’ jinslaridan tashkil topgan. Ohaktoshlarda karst jarayonlari rivojlangan. Suvayirg’ich qismidagi tekislangan yuzalarda karrlar, karst, voronka va botiqlar, yon bag’irlarida esa karst g’orlari, quduklari va shaxtalari keng tarqalgan. Ugom tizmasi Chorvoq botig’ini shimoliy G’arb tomondan o’rab turadi. Iqlimi tog’ga xos, yog’ingarchilik, ayniqsa, uning shimoliy Sharqiy qismida, ko’proq (1500-2000 millimetr). Yon bag’irlarida tipik va to’q bo’z, qo’ng’ir, jigarrang o’rmon tuproqlari tarqalgan. Chalacho’l, dasht o’simliklari, daryo vodiylarida butalar o’sadi. Tog’ yon bag’irlari o’rmonzor, suvayirg’ich qismida, o’tloq dashtlar, subalp va Alp o’tloqlari tarqalgan. Hayvonlardan o’rmonlarda qobon, bo’rsiq, Olmaxon, tizmaning baland qismlarida kiyik, qor qoploni, bo’ri, ayiq va boshqalar; qushlardan kaklik, kaptar, bulbul, chumchuq, lochin, kalxat va boshqalar yashaydi. Foydali qazilmalaridan ohaktosh, granit, marmar bor. Ugom tizmasining shimoli sharqida Oqsuvjabag’li qo’riqxonasining g’arbiy qismi joylashgan. Ugom tizmasining Chatqol tog’lariga yaqin kelgan joyiga Chorvoq GES to’g’oni qurilgan.