Uchqizil suv ombori

Uchqizil suv ombori – Surxondaryo viloyati Termiz shahridan shimol tomonda, 20 kilometr uzoqlikda, Uchqizil raz’yezdi yaqinidagi suv ombori. Atrofi tepaliklar bilan o’ralgan taqasimon tabiiy chuqurlikda barpo etilib, 1957 yilda foydalanishga to’liq topshirilgan. Umumiy hajmi 160 million m3, foydali hajmi 80 million m3. Zang kanali va uning Janubiy Zang suv keltirish kanali orkali Surxondaryo suvi bilan to’ldiriladi. Suv omborining asosiy inshootlari: mayda donador qum bilan ko’tarilgan Janubiy va g’arbiy dambalar; minora ko’rinishidagi suv chiqargich va bosh rostlagich dambalar; 1150 metr uzunlikdagi Janubiy dambaning balandligi 11,5 metr, tepa qismining kengligi 6 metr, devorlari qiyaligining yuqori qismiga armobeton plitalar yotqizilgan. 2260 metr uzunlikdagi g’arbiy dambaning balandligi 5,2 metr. Suv chiqargichdan 70 metr masofada ochiq suv bo’lgich — bosh rostlagich qurilgan bo’lib, u suvni Sharqiy va g’arbiy taqsimlash kanallariga bo’lib beradi.