Usoma ibn Munqiz
Usoma ibn Munqiz (1095.24.6, Shayzar shaharchasi, Suriya shimoli — 1188, Damashq) — Arab yozuvchisi, tarixchi, sarkarda. Turli hokim va amirlarning xizmatida bo’lib, hayotining ko’p qismi Jangu jadallar, sarguzashtlarda kechgan. Usoma ibn Munqizning «kitob ulmavoqif val-masokin» («manzillar va maskanlar kitobi», 1182) esdaliklari mashhur. Ushbu kitobning yagona qo’lyozmasi 1880 yilda Eskurial (Ispaniya) kutubxonasidan topilgan. O’zbek tilida «ibratli kitob» (1980) nomi bilan nashr etilgan. Salib yurishlari haqida yaratilgan ko’plab tarixiy va adabiy asarlarning mualliflari Yevropa tarixchi va yozuvchilari bo’lgan va ular bu jarayonni o’z qarashlari va manfaatlariga muvofiq holda yoritganlar. «Ibratli kitob» esa salib yurishlarining bevosita shohidi bo’lgan Arab yozuvchisi qalamiga mansubdir. Usoma ibn Munqizning ushbu kitobi qiziqarli badiiy-avtobiografik asar bo’lish bilan birga muhim tarixiy manba ham hisoblanadi: unda 12-asrda yashagan arablarning turmush tarzi, o’rta asr Arab Sharqining hayoti, arablarning salibchilarga munosabati aks ettirilgan. Turli manbalarda Usoma ibn Munqizning she’riy devoni va «ibratli kitob» dan tashqari 10 ga yaqin asari borligi qayd etilgan. Lekin bizgacha ulardan faqat 2 tasi yetib kelgan. Birinchi asari she’riy uslub haqida bo’lib, unda badiiy san’atlar tavsiflangan. Ikkinchi asari «Kitob ul Ukkoz» («hassalar haqida kitob») deb atalib, unda Iso payg’ambar (as) aso (hassa) sidan boshlab, hamma afsonaviy, mo’jizakor hassalar haqidagi rivoyatlar va Usoma ibn Munqiz qarigan chog’ida tutgan hassasi haqida hikoya qilingan.