Usmon Xo’ja, Po’latxo’jayev Usmon Xo’ja

Usmon Xo’ja, Po’latxo’jayev Usmon Xo’ja (1878, Buxoro — 1968.28.7, Istanbul) — davlat va jamoat arbobi. Buxorodagi jadidchilik harakati namoyandasi. Buxorolik savdogar oilasida tug’ilgan. Buxoroda madrasa tahsilini olgan va dastlabki yangi usul maktablaridan birini ochgan. 1908 yilda Istanbulda o’qigan. 1912 yil boshlarida Usmon Xo’ja Buxoroga qaytgach, «Tarbiyai atfol» maxfiy tashkilotining faol a’zolaridan biriga aylangan. 1917 yilda Usmon Xo’ja Yosh buxoroliklar partiyasi MK tarkibiga kiritilgan. Kolesov voqeasidan so’ng, Toshkentda yosh buxoroliklarning so’l eserlar guruhini tuzgan (1918 yil aprel). Yosh buxoroliklar partiyasi Turkiston Markaziy byurosining a’zosi (1920 yil Fevral). Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, Usmon Xo’ja BXSR moliya noziri (1920), Davlat nazorati noziri (1921), BXSR Markaziy Ijroiya ko’mitasining dastlabki raisi (1921 yil avgust — 1922 yil boshlari). Usmon Xo’ja BXSR hukumatining aksariyat arboblari singari Buxoro Respublikasining o’z milliy armiyasi, milliy hukumati bo’lgan mustaqil respublikaga aylantirmoqchi edi. Usmon Xo’ja BXSRdan sovet Rossiyasining qizil askarlari olib ketilishi hamda Buxoroning mustaqilligi uchun izchil kurashdi. Usmon Xo’ja 1922 yildan sho’rolar bilan aloqasini uzib, Kobulga kelgach, Rossiyaga qarshi kurash olib borish uchun BXSR ning davlat boshligi sifatida Afg’oniston amiri Omonullaxon bilan shartnoma imzolagan (1922 yil 29 aprel). U Buxoroning milliy armiyasi uchun xorijiy davlatlardan qurol-yarog’ sotib olishga harakat qilgan. Usmon Xo’ja Anqarada Turk Kulturi (Turk Madaniyati) institutini tashkil qilishda katta jonbozlik ko’rsatgan. Turkiston tarixiga oid ko’plab asarlar, jumladan, «Turkiston» (Istanbul, 1936) risolasining muallifi. Ad.: Sadriddin Ayniy , Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Fayzulla Xo’jayev, Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Ahmad Zakiy Validiy To’g’on, Bo’linganni bo’ri yer (xotiralar), T., 1997; O’zbekistonning yangi tarixi, 2 kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Rajabov Q., Buxoroga qizil armiya bosqini va unga karshi kurash, T., 2002.